1

Nega kuzda allergik kasalliklar kuchayadi?

Salomatlik 24.09.2023, 21:36
Nega kuzda allergik kasalliklar kuchayadi?

Mavsumiy allergiya nafaqat bahor va yoz mavsumi, balki kuz faslida ham kuzatiladi. Xo`sh, bu qanday omillar bilan bog`liq?  Ushbu savolga Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova javob berdi:

— Agar sentyabr, oktyabr, noyabr oylari ham nisbatan issiq kelib, yog`ingarchik bo`lmasa, o`simlik changchalari o`z allergik xususiyatini saqlab qoladi. Salqin kunlar boshlagach, zamburug` sporalarining yomg`irdan keyin havoga yuqori konsentrasiyada ko`tarilishi natijasida zamburug`ga nisbatan allergik holatlarning og`ir formalari uchraydi. 

Bundan tashqari, uy changi va it, mushuk singari hayvonlar yungi ham simptomlarni keltirib chiqaruvchi muhim allergenlar hisoblanadi. 

Jumladan, kuz oylarida zamburug` sporalari eng ko`p uchraydigan manba — daraxt va butalardan to`kilgan yaproqlardir. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog`orlagan xonalar hamda erto`lalarda ham kuzatiladi. 

Buning oldini olish uchun xonadoningiz hovlisi yoki bog` va ayvonlaringizni, qolaversa, tarnov va mo`rilarni to`kilgan barglardan tozalash zarur. 

Qolaversa, hammom va oshxonani mog`orlardan xoli tutish tavsiya etiladi. Shuningdek, xona ichidagi namlik darajasini kamaytirib, uni 25-50 foizgacha saqlash muhim. 

Salqin ob-havo muhiti uy changlarining ko`payishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentrasiyasi ortib, allergik rinit, kon`yunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda ko`proq kuzatiladi. 

Allergiyani qo`zg`atuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang to`plovchi jihoz va anjomlar — gilam va to`shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va o`yinchoqlar hamda kitoblardir. 

Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi uy hayvonlari yungidan  aziyat chekadi. Bunday vaziyatda allergik reaksiyalardan butunlay xoli bo`lish imkonsiz. Biroq xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali simptomlarni kamaytirish mumkin.

Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar o`z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida bunday kasalliklarga ilg`or diagnostika usullari va zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali aniq tashxis qo`yish hamda samarali davolash yo`lga qo`yilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1