AsosiyJamiyat

"O`zgidromet" yomg`irli oktyabr haqida ma`lumotlarni e`lon qildi

'"O`zgidromet" yomg`irli oktyabr haqida ma`lumotlarni e`lon qildi'ning rasmi

Joriy yilning oktyabr oyi quruq va o`rtacha issiq havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi haftasida yog`ingarchiliksiz ob-havo hukmron bo`lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab havo harorati +11...+16 darajagacha bo`lganida tetiklantiruvchi salqinlikni his qilasiz. Kunduzi havo harorati +23...+28 darajagacha, janubning ayrim joylarida +30 darajagacha issiq bo`ladi.

Kelgusida oy oxirigacha respublika bo`ylab havo harorati kechasi +3...+8 dan +10...+15 darajagacha, kunduzi esa +13... +18 dan +23...+28 darajagacha bo`ladi. Qoraqalpog`iston, Xorazm va Navoiy viloyatlari shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab -3...0 darajagacha sovuq bo`lishi mumkin. Bu haroratlar oktyabr oyining iqlim normasiga yaqin.

Oktyabr oyida birinchi o`n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o`n kunlikning ayrim kunlarida yomg`ir yog`ishi kutilmoqda.

Iqlimiy me`yorlarga ko`ra, O`zbekiston hududining katta qismida yog`ingarchilik oktyabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha kuzatiladi. Yog`ingarchilik asosan yomg`ir ko`rinishida bo`ladi, ammo havoda keskin sovuq kuzatilganda yomg`ir qisqa muddatli qorga aylanishi mumkin.

Ko`p yillik o`rtacha tungi havo harorati +6…+11 darajani tashkil qiladi, lekin ko`pincha oktyabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida birinchi kuzgi sovuq kuzatiladi. Oktyabr oyida kunduzgi harorat odatda +10...+15 dan +23...+28 darajagacha bo`ladi.

Sinoptiklarning ta`kidlashicha, ba`zida haqiqiy harorat yoki yog`ingarchilik miqdori iqlim normasidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Masalan, Toshkent shahrida butun 150 yillik meteorologik kuzatishlar tarixida havoning maksimal harorati ayrim yillarda +33...+35 darajaga etgan. Oktyabr oyining mutlaq maksimal harorati 37,5 daraja, u 1941 yilda kuzatilgan.

Toshkentda oktyabr oyidagi rekord minimal harorat o`tgan asr boshlarida -11,2 darajani tashkil qilgan. Oxirgi 30 yil davomida Toshkentda minimal havo harorati -2...-1 darajadan pastga tushmagan.

Oxirgi 30 yil ichida O`zbekiston bo`ylab eng yomg`irli oy 2015 yil oktyabr oyi bo`lgan. O`sha yili Toshkent shahrida oktyabr oyida yog`ingarchilik miqdori me`yordan 3,5 barobar oshib, ikki kun ichida 45 mmga tushib, oktyabr oyidagi me`yordan qariyb 2 barobar ko`p yog`ingarchilik bo`lgan edi.

Ayrim yillarda oy uchun yog`ingarchilik bo`lgan kunlar soni 2-3 kundan oshmaydi, lekin ba`zida kamdan-kam hollarda Toshkentda yog`ingarchilik umuman kuzatilmagan. Oxirgi marta bunday holat 2020 yil oktyabr oyida kuzatilgan.

    Boshqa yangiliklar