1

Umurtqalararo disk churrasi: Kasallikni operasiyasiz davolash mumkinmi?

Salomatlik 01.10.2023, 19:37
Umurtqalararo disk churrasi: Kasallikni operasiyasiz davolash mumkinmi?

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov Umurtqalararo disk churrasini operasiyasiz davolash haqida ma`lumot berdi.

 — Yurtdoshlarimiz orasida oyoq va bel og`rig`idan aziyat chekuvchilar ko`p. Tekshiruvlar davomida ularning ba`zilariga umurtqalararo disk churrasi tashxisi qo`yiladi. Avvallari bu xastalik ko`proq katta yoshli insonlarda kuzatilgan bo`lsa, endilikda u 20-25 yoshli yigit-qizlarda ham uchrayapti.

Kasallik umurtqalar orasidagi disk butunligining jarohatlar yoki osteoxondroz natijasida buzilishi, undagi pulpoz yadroning fibroz halqani yorib tashqariga chiqishi orqali yuzaga keladi.

Bunda eng asosiy simptom — bel og`rig`i. Dard harakat yoki biror og`ir yukni ko`tarish natijasida kuchayadi. Hatto tinch holatda ham og`riq pasaymasligi mumkin.

Tanada kislorod va ozuqalar etishmasligi tufayli qo`l-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, bemor holsizlanadi. Bosh aylanishi, ichak va bovul qilishda buzilishlar, qo`llarda sezgilik susayishi, qon bosimi o`zgarishi, qorin bo`shlig`idagi noqulaylik ham shu kasallikka xos alomatlar.

Churra xuruj qilgan paytda ko`ngil aynishi, qayt qilish, qorinda to`lg`oqsimon og`riq kuzatilishi mumkin. Bunday vazitda bemor og`riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilishi mutlaqo mumkin emas. Sababi o`zboshimchalik bilan davolanish keyinchalik salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Afsuski, hozirni kunda ko`pchilik bemorlar yaqinlarining maslahatiga ishonib, umurtqa pog`onasini bosish, uqalash va shunga o`xshash amaliyotlar orqali davolanishga harakat qiladi. Bu esa shikastlangan umurtqani yanada zo`riqtirib, kasallikning kuchayishiga olib keladi.

Vaholanki, zamonaviy tibbiyotda xastalik muolajasida lazerli va endoskopik usullardan keng foydalanilmoqda. Biroq churra inson tanasidagi o`simta hisoblangani, qolaversa, vaqtida chora ko`rilmasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi bois uni rejali jarrohlik yo`li bilan davolash eng samarali yo`l.

To`g`ri, umurtqa churrasini dori-darmonlarsiz ham tuzatsa bo`ladi. Masalan, tibbiyotda keng qo`llanilayotgan suv muolajalari orqali! Lekin bunday amaliyotlarni shifokor tavsiyasi bilan bajarish kerak.

Shu bilan birga, dardga davo topishda churraning yuzaga kelish muddati juda muhim. Uch oygacha bo`lgani engil, uch oydan olti oygacha bo`lgani esa surunkali sanaladi. Bundan tashqari, u 9 millimetrdan kichik bo`lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.

Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ushbu kasallik ilg`or usullar yordamida muolaja qilinmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1