1

O`zbekiston tibbiyoti tuberkulyoz kasalligiga qancha muddatda aniq tashxis qo`yaoladi?

Salomatlik 02.10.2023, 10:33
O`zbekiston tibbiyoti tuberkulyoz kasalligiga qancha muddatda aniq tashxis qo`yaoladi?

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “O`zbekiston — 2030” strategiyasidan aholi salomatligini ta`minlash bilan bog`liq qator ustuvor maqsadlar o`rin olgan.

Shulardan biri — tuberkulyoz xastaligiga taalluqli. Belgilanishicha, yurtimizda tuberkulyozdan kasallanish ko`rsatkichini har 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish rejalashtirilgan.

SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida shu yo`nalishdagi amaliy ishlar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida ma`lumot berdi:

Markaz direktori Nargiza Parpievaning qayd etishicha, bu sohaning isloh qilinishi natijasida so`ngi 10 yil ichida qariyb 170 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi. Davlat dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi natijasida tuberkulyoz bilan kasallanish ko`rsatkichini 2010 yilga nisbatan 43 foizga, o`lim ko`rsatkichini esa 84 foizga kamaytirishga erishildi.  Davolash samaradorligi esa 91,2 foizga etkazildi.

Oxirgi ikki yilda JSST tavsiyalari asosida ftiziatriya bo`yicha barcha klinik ko`rsatmalar yangilandi, jami 1530 nafar mutaxassis qayta tayyorgarlikdan o`tdi. Bundan tashqari, tuberkulyoz kasalligi tarqalishining oldini olish uchun har yili yangi tug`ilgan chaqaloqlarning 97 foizi emlanmoqda.

"Hozir tuberkulyozni aniqlash bo`yicha tuman, shahar, tumanlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 bosqichli zamonaviy tizim ishlab turibdi.  

Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari davlat tomonidan bepul ta`minlanmoqda va bunga ajratilayotgan mablag`lar hajmi yildan yil oshirilyapti.  

Yana bir muhim yangilik: avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yo`g`i 70 daqiqa ichida aniq tashxis qo`yilmoqda.  

Ayni paytda yurtimiz bo`yicha 97 ta PZR laboratoriyasi faoliyat ko`rsatmoqda, ulardan 40 tasi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida joylashgan.  

Ilg`or operasiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qo`llanilishi natijasida tuberkulyozning turg`un shakli bilan kasallangan bemorlarni davolash muddati ham 2 yildan 6-9 oyga qisqardi.  

Prezidentimizning tegishli qarori asosida tasdiqlangan alohida dastur hamda tuberkulyoz kasalligi va pulmonologiya xizmatlarini rivojlantirishning maqsadli ko`rsatkichlariga ko`ra:  

2023-2026 yillarda ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 255 million dollar, xalqaro donorlar hisobidan 17 million dollar mablag` ajratish ko`zda tutilgan.

O`zbekistonning 14 ta ma`muriy hududida “O`pka salomatligi” ko`chma mobil brigadalari tashkil etilib, chekka va olis manzillarda yashovchi aholini bepul tibbiy ko`rikdan o`tkazish yo`lga qo`yilmoqda.

Maxsus mikroavtobuslar zamonaviy PZR, mobil rentgen, spirometrik, elektrokardiografik uskunalar bilan jihozlanib, ular yordamida mamlakatimizning chekka hududlari aholisini bepul tibbiy ko`rikdan o`tkazish amaliyoti joriy etiladi", deydi mutaxassis.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1