Senat “O`zbekiston havo yo`llari”ni byurokratiyada aybladi

Jamiyat 03.10.2023, 12:34
Senat “O`zbekiston havo yo`llari”ni byurokratiyada aybladi

Oliy Majlis Senatining 45-yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Q.Burxonov Qo`mitaga kelib tushgan murojaat asosida “Uzbekistan Airways” AJga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog`liq ayrim muammolar sabablari dastlabki tarzda o`rganilganligini aytib o`tgan edi.

Unga ko`ra, aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolmoqda.

Xususan, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug`i bilan tasdiqlangan Yo`riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o`rinsiz, mantiqsiz to`siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Mazkur Yo`riqnomaning  tegishli bandiga muvofiq, agar fuqarolarimiz  “Uzbekistan Airways”ga qarashli kassalardan o`z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo`lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda. Pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmayapti.

"Nahotki, ham fuqarolar e`tiroziga, ham korrupsiyaga sabab bo`ladigan, ochiq-oydin ko`rinib turgan bo`shliqni bartaraf etib bo`lmasa!?", - deydi, Q.Burxonov.

Ma`lumot uchun aytish mumkinki, Senat tomonidan 2021 yilning 19 mart kuni  “Uzbekistan Airways”aksiyadorlik jamiyatiga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun Yo`riqnomaga tegishli o`zgartirishlar kiritish yuzasidan murojaat qilingan edi. So`rov yuzasidan berilgan javobda “ushbu muammoni bartaraf etish choralari ko`rilayotganligi” ma`lum qilingan.

 “Uzbekistan Airways”AJ Senat e`tiroziga javob qaytardi.

Unga ko`ra, aviakompaniya reyslariga yo`lovchi aviatashuvlarini sotishni tartibga soluvchi amaldagi normativ hujjatlarda (qoidalar va yo`riqnomalar) aviakassirlardan aviachiptalarni yo`lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarining asl nusxasi asosida rasmiylashtirishni talab qiladigan bandlar (punkt) mavjud emas. Uzbekistan Airways Sales filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo`lovchilarning shaxsiy guvohnomalarining asl nusxalari asosida ham, ularning fotonusxalari asosida ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, aviakompaniya yo`lovchilarning ma`lumotlari to`g`ridan-to`g`ri aviachipta rasmiylashtirayotgan shaxs tomonidan tizimga kiritiladigan rasmiy internet-sayti va mobil ilovasi orqali aviachiptalarni sotishni faol rivojlantirmoqda. 

"Shuni ta`kidlash kerakki, barcha belgilangan ma`lumotlar yo`lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatga qat`iy muvofiq ravishda bron qilish tizimiga xatosiz kiritilishi kerak. Shu bilan birga, kiritilgan ma`lumotlarning to`g`riligi uchun transport uchun haq to`laydigan shaxs javobgar bo`ladi, chunki ushbu shartga rioya qilmasdan aviachipta sotib olish imkonsiz bo`lib qoladi",–deyiladi xabarda.

 

 “Uzbekistan Airways” AJ BMT Xavfsizlik Kengashining 2178-sonli (2014 yildan) Rezolusiyasining 9-bandi talablarini hisobga olgan holda API tizimi orqali manzillarga boradigan yo`lovchilarning asosiy ma`lumotlarini uzatish bo`yicha BMTning maxsus tuzilmalarining qaroriga binoan O`zbekiston Respublikasining ham, aviakompaniyaning reyslari amalga oshirilayotgan mamlakatlarning ham huquqiy maydoniga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Ushbu xalqaro reglamentga asoslanib, yo`lovchilarni belgilangan ma`lumotlari aviachiptalarni sotishda bron qilish tizimiga kiritilishi kerak. Shu munosabat bilan, O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilgan uzoq xorij mamlakatlariga aviachiptalarni sotishda Uzbekistan Airways Sales filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan yo`lovchiga ham, aviakompaniyaga ham jarima sanksiyalari qo`ymaslik uchun belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

"Yuzaga kelgan savollar va tushunmovchiliklarni inobatga olgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan O`zbekiston Respublikasida va undan tashqarida aviachiptalarni sotish bo`yicha barcha agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo`lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo`lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati to`g`risida aviakompaniya tomonidan talablar yo`qligi to`g`risida navbatdagi eslatma yuborildi",– deyilgan xabar so`nggida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1