AsosiyJamiyat

O`zbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub”ga qo`shildi

'O`zbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub”ga qo`shildi'ning rasmi

Samarqand shahrida bo`lib o`tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi hamda “Mastercard” global to`lov tizimi rahbariyati o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda tomonlar O`zbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida strategik hamkorlikni e`lon qildilar va O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligining “Mastercard” turizm innovasion markaziga (“Mastercard Tourism Innovation Hub”) qo`shilishini nazarda tutuvchi o`zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Memorandumga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Global davlat sektori rahbari, “Mastercard” kompaniyasining strategik rivojlanish bo`yicha ijrochi vise-prezidenti Nikola Villa imzo chekdi.

“Vazirlik “Mastercard” bilan hamkorlikni iliq kutib oladi. Bu biz uchun to`lov infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun turar-joylar tajribasini, xarajatlar va sayyohlik oqimi bo`yicha tahliliy ma`lumotlarni o`rganish imkonini yaratadi. Shuningdek, dunyoning 200 dan ortiq mamlakat va mintaqalarida Mastercard kartalaridan foydalanayotganlar orasida O`zbekistonni sayyohlik yo`nalishi sifatida targ`ib qilishda keng istiqbollarni ochib beradi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Nikolya Vilya esa O`zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari haqida gapirdi.

“Biz O`zbekiston bilan turizm industriyasini rivojlantirish bo`yicha uzoq muddatli hamkorlik boshlanganini e`lon qilishdan mamnunmiz. O`zbekiston nihoyatda boy meros, ajoyib madaniyat va diqqatga sazovor joylari ko`p. Bu go`zal mamlakat ulkan salohiyatga ega va biz o`z texnologik platformamiz, ilg`or to`lov echimlari, xalqaro tajriba, ma`lumotlar tahlili bo`yicha vakolatlar va boshqa imkoniyatlarimiz yordamida O`zbekistonning rivojlanishiga hissa qo`shishimizdan faxrlanamiz”, — dedi "Mastercard" vise-prezidenti.

Ta`kidlash joizki, "Mastercard" turizm innovasiyalari markazi O`zbekistondagi vazirlik va quyi tashkilotlar bilan hamkorlikda hukumat, mahalliy va xorijiy sayyohlar, turizm korxonalari uchun qo`shma raqamli echimlarni ishlab chiqadi. Sayohatchilar va kichik biznes uchun xavfsiz, ishonchli va qulay to`lov infratuzilmasini rivojlantirishga ko`maklashish, O`zbekistonni sayyohlik yo`nalishi sifatida targ`ib qilish tendensiyalarini kuzatish va strategiyalarni ishlab chiqish uchun tahliliy ma`lumotlarni taqdim etish, qo`shma tadqiqotlar o`tkazish va ilg`or jahon tajribasini almashish ham hamkorlik yo`nalishlariga kiradi.

Ma`lumot uchun, “Mastercard” to`lovlar va texnologiya sohasidagi etakchi global kompaniya bo`lib, hozirda 60 dan ortiq mamlakatda to`lovlarni raqamlashtirish orqali iqtisodiy o`sish va rivojlanishni rag`batlantirishga qaratilgan 1600 dan ortiq davlat loyihalarini boshqaradi.

    Boshqa yangiliklar