1

Zardob kasalligidan asosan allergiyaga moyil kishilar aziyat chekadi

Salomatlik 26.10.2023, 14:15
Zardob kasalligidan asosan allergiyaga moyil kishilar aziyat chekadi

 Kasallikni davolashdan ko`ra, uning oldini olgan afzal. O`z vaqtida ko`rilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Masalan, yuqumli infeksiyalarga qarshi vaksinalar nafaqat turli epidemiyalar tarqalishi, balki sog`liqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi. 

 Shu bois zardoblar bilan davolash va kasalliklarni profilaktika qilish usuli zamonaviy tibbiyotda keng ommalashgan. Bu muolaja turi inson organizmida passiv immunitetni shakllantirishi bilan ahamiyatli.  Biroq zardoblar ba`zi allergiyaga moyil kishilarda, zarur ehtiyot choralari ko`rilmasa, allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. 
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu xususda ma`luot berdi.
 — Zardob kasalligi inson organizmiga muolaja va profilaktika maqsadida begona oqsil, masalan, hayvonlarning immun zardoblari yuborilganda ro`y beradigan allergik reaksiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis.
— Bundan tashqari, inson immunoglobulinlari, beta-laktam antibiotiklari, sefalosporinlar, monoklonal antitanalar, sulfanilamidlar, sitostatiklar va ba`zi steroid bo`lmagan yallig`lanishga qarshi dorilarni qo`llash tufayli zardob xastaligi rivojlanishi mumkin. 

Ba`zan bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, qazi, ot go`shti va baliqdan tayyorlangan taomlar ham bu xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar sirasidan. 
 Allergik reaksiya ehtimoli genetik moyillik va ikkilamchi immunitet tanqisligi tufayli ortadi.

Kasallik alomatlari odatda zardob qabul qilingach, 7 kundan 1 oygacha bo`lgan muddatda yuzaga keladi. Avval “ukol” qilingan joy va uning atrofi, keyin butun badan bo`ylab eshakemiga o`xshash toshmalar toshadi va ularning o`rni qichishadi.  

Bemor isitmalaydi, limfa tugunlari kattalashib, bo`g`imlar, bosh va yurak sohasida og`riqlar kuchayadi. Ba`zan bosh miya shikastlanishiga xos o`zgarishlar, buyrak va boshqa a`zolar funksiyalari buzilishi kuzatiladi. 

Ayrim hollarda bo`g`imlar poliartralgiyasi, barcha bo`g`imlarning baravar og`rishi, bronxit va bronxospazm, nevrit, radikulit belgilari namoyon bo`ladi. 

Ko`pincha simptomlar 3-5 kun ichida yo`qoladi. Agar ta`sir kuchi ko`proq preparatlar qabul qilinsa, alomatlar bir necha hafta yoki oylab davom etishi mumkin.

Zardob xastaligini aniqlash uchun maxsus diagnostik testlardan foydalaniladi. Shundan so`ng bemorning holati, yoshi va kasallik darajasiga ko`ra muolajalar buyuriladi. 

 Birinchi navbatda, allergenni bartaraf etish maqsadida infuzion va organizmni tozalovchi davo choralari qo`llaniladi. Bemorga ko`p suyuqlik ichish, parhezga amal qilish tavsiya etiladi. Antigistamin va glyukokortikoidlar buyuriladi. 

Anafilaktik shok holatidagi bemorlarga esa shoshilinch tibbiy yordam va stasionar sharoitda muolajalar ko`rsatish zarur. 

Hozir Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi va uning hududiy filallarida ushbu xastalik eng ilg`or usullarda aniqlanib, samarali davolanmoqda.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1