Sherobod tumani hokimi sog`lig`i tufayli lavozimdan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, Xalq deputatlari Sherobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko`rib chiqilgan.
Sessiyada tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Zaynobiddin Xalilov sog`ligi tufayli o`z arizasiga ko`ra vazifasidan ozod etilgan. Uning o`rniga Usmon Alimov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Usmon Alimov 1983 yil 6 aprelda Denov tumanida tug`ilgan. 2007 yil va 2014 yilda Termiz davlat universitetini, 2021 yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasini tugatgan. Ma`lumoti bo`yicha mutaxassisligi – milliy istiqlol g`oyasi huquq va ma`naviyat asoslari, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi.
Usmon Alimov 2013-2019 yillarda viloyat hokimligida turli vazifalarda hamda Uzun tumani hokimining birinchi o`rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2019 yildan buyon Surxondaryo viloyati statistika boshqarmasi boshlig`i lavozimida ishlab kelayotgan edi.






