Bank tizimida muammoli kreditlar (NPL) ulushi 2023 yil 1 oktyabr holatiga 3,7 foizni (16,8 trln so`m) tashkil etmoqda. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1% bandga pasaygan.
Bunda, korporativ kreditlarning NPL qismi mos ravishda 0,5% bandga pasayib, 4,2% ni, chakana kreditlarda esa 2% bandga pasayib, 2,6% ni tashkil etgan. Hisobot sanasiga NPLning 60 foizini milliy valyutadagi va 40 foizini xorijiy valyutadagi kreditlar tashkil etsa, mijozlar qirqimida 22 foizi jismoniy shaxslar va 78 foizi korporativ mijozlar hissasiga to`g`ri keladi.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarda NPL ulushi 2,6% ni tashkil etib, bunda iste`mol kreditlari bo`yicha
8,5% ni (75 mlrd so`m), ipoteka kreditlarida 1,5% ni (804 mlrd so`m), mikroqarzlarda 1,6% ni (336 mlrd so`m) va avtokreditlarda 0,7% ni (273 mlrd so`m) tashkil etgan.
Kredit qo`yilmalarida NPL ulushi tarmoqlar qirqimida uy-joy kommunal xizmat ko`rsatishda 9,2%, savdo va umumiy xizmat sohasida 7,7%, qurilish sohasida 7,6%, qishloq xo`jaligida 5,7% va sanoat sohasida 3,6% darajasida shakllangan.
Shuningdek, o`tgan yilning mos davriga nisbatan tarmoqlar kesimida NPL ulushi uy-joy kommunal xizmatlar sohasida 3,3% bandga oshgan bo`lsa, qurilish sohasida 2,4% bandga, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 0,9% bandga hamda qishloq xo`jaligida 0,6% bandga pasaygan. Tijorat banklari kredit portfelidagi NPLning ulushi bo`yicha guruhlanganda 24 ta bankda 3% gacha (bank tizimi jami aktivlarida ulushi 40%), 4 ta bankda 3,1% dan 5% gacha oraliqda (bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 43%) va 7 ta bankda 5,1% dan yuqori bo`lib, ularning jami aktivlardagi ulushi 17% ni tashkil etgan.
Shuningdek, o`tgan yilning mos davriga nisbatan tizim bo`yicha NPLning kamayishi natijasida NPL ulushi 3,1% dan yuqori bo`lgan banklarda NPL 3% dan past guruhga ko`chishi kuzatilgan. Bunda, kredit portfelidagi NPL ulushi 3,1 dan 5% gacha bo`lgan banklar soni 8 taga, 5,1% dan yuqori bo`lganlari soni esa 3 taga kamaygan.
Kredit xatarlarining banklar moliyaviy barqarorligiga bo`lgan salbiy ta`sirini yumshatish maqsadlarida banklar tomonidan shakllantirilgan jami zaxiralar qoldig`i o`tgan yilning mos davriga nisbatan 26% ga oshgan.
Banklarda muammoli kreditlarning zaxiralar bilan qoplanish darajasi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 26% bandga oshib, 2023 yil 1 oktyabr holatiga 110,2% darajasida shakllangan. Sof NPL1ning kapitalga nisbati o`tgan yilning mos davriga nisbatan 3% bandga kamayib, 9,9% ni tashkil etgan.
09.11.2023 22:04
O`zbekiston bank tizimida muammoli kreditlar qancha summani tashkil etayotgani ma`lum qilindi






