Prezident Shavkat Mirziyoev 21 noyabr kuni Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari bo`yicha taqdimot bilan tanishdi.
So`nggi yillarda metropoliten qamrovini kengaytirish maqsadida qo`shimcha 32 kilometr yo`l qurildi, 21 ta yangi stansiya ishga tushirildi. 15 ta zamonaviy metro poezdlari olib kelindi. Yangi yo`nalishlar poytaxtimizning Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusobod tumanlaridan o`tib, aholining kundalik qatnoviga qulaylik yaratdi.
Bugungi kunda metropolitendan foydalanadigan yo`lovchilar soni 5 barobar oshib, kunlik qatnov 720 mingtaga etdi. Kunning tig`iz vaqtida poezdlar kelish vaqti avvalgi 5-7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi.
Yig`ilishda transport va qurilish sohasi mutasaddilari metropolitenning bugungi holati hamda kelgusi rejalar yuzasidan axborot berdi.
Davlatimiz rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Yana yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o`tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.
Toshkent metropolitenini transformasiya qilib, daromadini oshirish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.






