AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev 23-24 noyabr kunlari Ozarbayjonga boradi

'Shavkat Mirziyoev 23-24 noyabr kunlari Ozarbayjonga boradi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning taklifiga binoan 23-24 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi.

Davlatimiz rahbari Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibidan dastur doirasidagi ko`p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun Maqsadli fond tashkil etish, transport yo`laklarini raqamlashtirish uchun “yo`l xaritasi”ni qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar o`rin olgan.

SPEKA dasturi mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish hamda ularning jahon iqtisodiyotiga integrasiyalashuviga ko`maklashish maqsadida  1998 yil 26 mart kuni Toshkent deklarasiyasiga muvofiq ta`sis etilgan. Ishtirokchi davlatlar – O`zbekiston, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston.

Shu kunlarda Boku shahrida SPEKAning qator ishbilarmonlik tadbirlari, shu jumladan iqtisodiy forum va Markaziy Osiyo mamlakatlarining sanoat salohiyati ko`rgazmasi o`tmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar