AsosiyJamiyat
4264

Farg`ona viloyatining tibbiyot birlashmalariga reanimobillar topshirildi

Farg`ona viloyati tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga “Salomatlik-3” loyihasi doirasida reanimobil avtomobillari topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.  

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar aholi salomatligini asrash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishda yuksak samaralar bermoqda. 

Farg`ona viloyatida ham sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi asosida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotir. Jumladan, viloyatdagi 283 qishloq vrachlik punktining barchasi yangi bunyod etilgan va kapital rekonstruksiya qilingan binolarda faoliyat yuritmoqda. “Salomatlik-3” loyihasi asosida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. 

– Bugun viloyatning eng chekka hududida ham zamonaviy tibbiy xizmat ko`rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasining “Salomatlik-3” loyihasi rahbari Qahramon Otabolaev. – Keyingi besh yilda mazkur loyiha asosida 6,4 milliard so`mlik tibbiy jihozlar keltirildi. Qo`qon, Marg`ilon, Quvasoy shaharlari, Beshariq, Dang`ara, Buvayda, Oltiariq, Qo`shtepa, Yozyovon, Quva va Farg`ona tumanlariga berilgan “Nissan” rusumli reanimobil avtomobillari ham aholi salomatligini mustahkamlash, tez tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Boshqa yangiliklar