Ombudsman Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, Asaka tumanida yashovchi ayol Ombudsmanga murojaat qilib, nogironligi bo`lgan farzandlariga nogironlikni belgilash masalasida yordam berishni so`ragan. Murojaatchining so`zlariga ko`ra, uning qizi bir necha yillardan beri 2-guruh nogironi bo`lishiga qaramay, u doimiy nogironlikka o`tkazilmagan. Qolaversa, 3-guruh nogironi bo`lgan o`g`lini ham qayta tibbiy ko`rikdan o`tkazish bo`yicha ham murojaat qildi.
Mazkur murojaat o`rganish uchun Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborildi. Mintaqaviy vakil mas`ul tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, murojaatni joyiga chiqib o`rgandi.
O`rganish jarayonida murojaatchining 2-guruh nogiron qiziga 2023-2025 yillar uchun nogironlik nafaqasini olishi belgilangani, bu bo`yicha qayta murojaat qilishga asoslar yo`qligi tushuntirildi.
Murojaatchining o`g`lini qayta tekshiruvdan o`tkazilishi va nogironlik guruhini o`zgartirish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, fuqaroga mulkiy masalada ham huquqiy maslahatlar berildi.
Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga Viloyatning Shahrixon tumanida yashovchi nogironligi bo`lgan yolg`iz ona N.B. murojaat qildi. 2 nafar farzandning onasi va 2-guruh nogironi bo`lgan murojaatchi unga 2019 yilda davlat tomonidan uy berilganini, lekin hozirga kelib, quruvchi 105 mln so`m to`lashi yoki uyni bo`shatishligini talab qilayotganligini bildirdi.
Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili ushbu murojaat yuzasidan mutasaddi idora vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, holatni joyiga chiqib o`rgandi. O`rganish jarayonida fuqaro N.B.ga davlat tomonidan berilgan uy-joy davlat kadastridan o`tkazilganligi va uyni bo`shatishga hech qanday asoslar yo`q ekani ma`lum bo`ldi. Taraflarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Ombudsmanga Asaka tumanidan yuborilgan yana bir murojaatda fuqaro M.M. mahallasida gaz va elektr energiyasi bo`yicha uzilishlar masalasida tegishli tashkilotlarga murojaat qilganligi va hech qanday natija bo`lmaganligi bo`yicha shikoyat qildi. Shuningdek, 2-guruh nogironi bo`lgan onasini davolatishda ham amaliy yordam so`ragan.
Murojaat yuzasidan Ombudsmanning Andijondagi mintaqaviy vakili boshchiligida tegishli mas`ul tashkilotlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, holat joyiga chiqib o`rganildi. Murojaatchining tabiiy gaz va elektr energiyasi bo`yicha muammolari hal etildi.
Shuningdek, murojaatchining 2-guruh nogironi bo`lgan onasiga maxsus protez-ortopediya moslamasi kerakligi aniqlanib, uning “Ayollar daftari”ga kiritilishi va 2024 yilning yanvar oyida olib berilishi ma`lum qilindi va nazoratga olindi.