Ilhom Aliev Ozarbayjonda 2024 yilni "Yashil dunyo uchun birdamlik yili" deb e`lon qildi. U bu haqda o`zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida pot qoldirgan.
Unda qayd etilishicha, Ozarbayjon Respublikasi xalqaro hamjamiyatning ishonchli va mas`uliyatli a`zosi sifatida iqlim o`zgarishi oqibatlariga qarshi kurashga hissa qo`shmoqda.
Ozarbayjonni 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning beshta milliy ustuvor yo`nalishlaridan biri “Atrof-muhit toza va yashil o`sishga ega bo`lgan mamlakat” deb belgilangan. Mazkur ustuvor vazifaga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, yashil maydonlarni tiklash va ko`paytirish, suv resurslari va barqaror energiya manbalaridan samarali foydalanishni ta`minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mamlakat 2030 yilga kelib issiqxona gazlari chiqindilarini bazaviy yilga (1990 yilga) nisbatan 35 foizga, 2050 yilga kelib esa 40 foizga kamaytirishni maqsad qilib qo`ygan.
Bosqindan ozod qilingan Qorabog` va Sharqiy Zangezur, shuningdek, Naxchivan Muxtor Respublikasi yashil energiya zonalari deb e`lon qilindi. Ozod qilingan hududlarni tiklash va rekonstruksiya qilish bo`yicha keng ko`lamli jarayonda atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvor yo`nalish hisoblanadi. Bu hududlarda “aqlli shahar”, “aqlli qishloq” kabi innovasion yondashuvlar qo`llanilmoqda, ekotizim tiklanmoqda.
Ozarbayjon 2030 yilga borib o`rnatilgan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 30 foizga etkazishni maqsad qilgan.
BMTning iqlim o`zgarishi bo`yicha doiraviy konvensiyasi – COP29 ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi kabi nufuzli tadbirni Ozarbayjonda o`tkazish to`g`risidagi yakdillik bilan qabul qilingan qaror Ozarbayjonga xalqaro hamjamiyat tomonidan bildirilgan yuksak hurmat va ishonchning yorqin namunasidir.






