Hindistonning Gurugram (Gurgaon) shahrida polisiya libosida bo`lgan bir guruh shaxslar o`zbekistonlik fuqaro pulini o`marib ketdi. Bu haqda “Dunyo” mamlakatning Press Trust of India axborot agentligiga tayanib xabar berdi.
Gurugram shahrining 53-sektorida shanba kuni kechki soat 21:00 atrofida mehmonxonaga qaytib kelayotgan uch nafar aka-ukani polisiyachilar to`dasi go`yoki hujjatlarni tekshirish bahonasida to`xtatgan. Sumkalarni ko`zdan kechirish jarayonida 16 ming AQSh dollarini o`g`irlab, qochib ketgan.
O`zini B.S. deb tanishtirgan O`zbekiston fuqarosi Gurugram shahrida joylashgan “Artemis“ shifoxonasiga buyrak ko`chirish amaliyotini o`tkazish uchun kelgan.
B.S. ushbu voqea yuzasidan mahalliy polisiya idorasiga murojaat qilgan. “Mashinadagilar o`zlarini polisiya xodimlari sifatida tanishtirdi, shaxsiy guvohnomalarini ko`rsatib, sumkalarimizni tekshirish kerakligini aytdi”, deb ta`kidlangan shikoyat xatida.
Hozir Gurugram shahrining 53-sektori polisiya bo`limi tomonidan jinoyat qonunchiligining 379A (tortib olish orqali o`g`irlik), 419 (o`zini boshqa kishi deb tanishtirish yo`li bilan aldash) va boshqa moddalari bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o`tkazildi, vaziyat nazoratga olindi.






