AsosiyJamiyat

Eslashning o`zi og`riqli…

'Eslashning o`zi og`riqli…'ning rasmi

Tugab borayotgan 2023 yil esda qolarli voqealarga boy bo`ldi. Sodir bo`lgan hodisalarning qaysisidandur qayg`uga botsak, boshqasidan xulosa chiqarishga majbur bo`ldik. Albatta, kelayotgan 2024 yildan faqat yaxshiliklarni tilagan holda, tugayotgan yilni bir sarhisob qilsak…

MAShMAShASI TUGAMAGAN “DOK-1 MAKS”

2022 yilning oxirida boshlanib, mashmashasi hali ham tugamagan, 65 nafar norasidalarning o`limiga sabab bo`lgan “Dok-1 Maks” ishi haqida eshitmagan odam bo`lmasa kerak.

Gap shundaki, 2022 yilning dekabr oyida Samarqandda Hindistonda ishlab chiqarilgan, “Quramax Medical” kompaniyasi tomonidan O`zbekistonga olib kelingan “Dok-1 Maks” hamda “Ambronol” dori vositalarini qabul qilgan 18 nafar bola vafot etdi. Shundan so`ng, birin ketin boshqa viloyatlarda ham bolalar o`limi kuzatilib, jami qurbonlar 65 nafarga etgani qayd etildi.Chuqurlashtirilgan sifat nazorati natijalariga ko`ra, “Dok-1 Maks” hamda “Ambronol” dori vositalarining ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o`rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi ma`lum bo`lgan. Shu sababli, “Quramax Medical”ning boshqa preparatlari sotuvi hamehtiyot chorasi sifatida to`xtatilgan. Hozirda mazkur ish yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda.

Ish doirasida jami 21 kishi, jumladan, Farmasevtika agentligi sobiq rahbari, “Quramax Medikal” MChJ direktori (Hindiston fuqarosi) va boshqalarga ayblov e`lon qilingan. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo`lib, ularning 7 tasiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralari qo`llangan.

TO`QQIZINChI QAVATDAN TAShLANGAN UCh BOLA VA AYoL

2023 yilning qayg`uli hodisalaridan yana biri, Sergeli-8 mavzesida ayol 3 nafar voyaga etmagan bolasi bilan birga o`zini 9-qavatdan tashlagani bo`ldi. Hodisa natijada ayol va uning besh, to`rt va bir yoshli farzandlari voqea joyida vafot etgan.

Bosh prokuraturaning ma`lum qilishicha, 27 yoshli A.D. farzandlari, 2018 yilda tug`ilgan  S.Y. 2019 yilda tug`ilgan S.A. va 2022 yilda tug`ilgan S.R.ni qasddan o`ldirish maqsadida, ularni yotoqxona derazasi oldiga olib borgan. Avval 5 yoshli farzandi S.Y. hamda 4 yoshli S.A.ni 9-qavatdan birin-ketin derazadan tashlab yuborib, so`ng kichik farzandi S.R.ni olib, o`zi bilan birga sakrab, o`z joniga qasd qilgan. Ayol va farzandlari olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.Voqea yuzasidan mas`ul organlar tomonidan o`rganishlar olib borilmoqda.

 

ZO`RLAB O`LDIRILGAN 12 YoShLI QIZVOQEASI

Joriy yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahridazo`rlik va qotillik alomatlari bo`lgan 12 yoshli qizning murdasi topildi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v,z” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Jinoyat ishi bo`yicha gumonlanuvchi  shaxs (29 yoshli erkak) Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

26 may kuni sudlanuvchi 1993 yilda tug`ilgan A.T.ga oid jinoyat ishi bo`yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi. Unga ko`ra, ushbu jinoyat ishi JIB Yakkasaroy tuman sudida yopiq sud majlisida ko`rib chiqildi.

Sud hukmiga ko`ra A.T. JKning 226-moddasi (ma`muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi, 137-moddasi (odam o`g`rilash) 3-qismi “b” bandi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi, 104-moddasi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) 2-qismi “v” bandi va 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, JKning 34-moddasi (residiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan A.T. o`ta xavfli residivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada o`tattirilish belgilandi.

ShOV-ShUV BO`LGAN PEDOFIL MANSABDORLAR IShI

Joriy yilning 1 aprel kuni Xorazmda Adliya va FVB sobiq mansabdorlari mehribonlik uyining 15-16-17 yoshli qizlarini 10 oy davomida zo`rlab kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so`ng, Oliy sud matbuot xizmati ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi Toshkent shahar sudida ko`rib chiqilishini ma`lum qildi.

3 noyabr kuni  JIB Toshkent shahar sudi appelyasiya hay`atida mazkur jinoyat ishi bo`yicha sud hukmi o`qildi. Unga ko`ra, sudlanuvchilar sud zalidan qamoqqa olingan. Xususan, zo`ravonlarning biri 3 yilga, yana biri 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

MAShHUR BLOGERNING SIRLI O`LIMI

Taniqli bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 martga o`tar kechasi 27 yoshida “Star Med” klinikasida vafot etdi. Shundan keyin unda burun operasiyasini amalga oshirgan  “Star Med” klinikasi faoliyati vaqtincha to`xtatildi. Iyul oyiga kelib, shifoxonaning lisenziyasi sud tomonidan bekor qilindi.

Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan “Star Med” klinikasida o`tkazilgan tekshiruv natijalariga ko`ra, bemorga tibbiy xizmat ko`rsatgan anesteziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo`lmagan.

Bosh prokuratura matbuot kotibining  ma`lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 116- (Kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 117- (Xavf ostida qoldirish) moddalari bilan ayblov e`lon qilingan.

Karim ZARIPOV tayyorladi

    Boshqa yangiliklar