Ijtimoiy tarmoqda esa arzon benzinning narxi oshgani xaqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi bunga izoh berib, aslida narx oshmaganini, balki imtiyoz bekor bo`lganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining 2022 yil 12 dekabrdagi va 2023 yil 23 fevraldagi qarorlari bilan 2023 yil 31 dekabrga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan yakuniy iste`molchilarga sotiladigan Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig`i “nol” stavkada qo`llanilgan.
Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig`i “nol” stavkada qo`llanilishi uning etkazib berish xarajatini sezilarli darajada tushirishga imkon berdi. 2022 yili avtobenzinning narxi ushbu qaror qabul qilinishidan oldin 7500 so`mni tashkil etgan bo`lsa, soliq bo`yicha imtiyoz qo`llanilgach, 5700 so`mgacha tushgan.
Bugungi kunda avtobenzinning avtomobillargayonilg`i quyish shoxobchalariga bozor tamoyillari asosida birja savdolari orqali sotilishi va uning narxi erkin shakllanishi tufayli Ai-80 rusumli avtobenzin 1 litri uchun “Mustang”da 8000 so`m, “Intrans Servis”da 8400 so`m, “Poytaxt Oyl”da 8200 so`m, “IBR”da 8000 so`m, “Arena Petrol”da8000 so`m va “Fath Oyl”da 8200 so`mdan sotilmoqda.
Bozorda raqobatni shakllantirish va davlat byudjetiga tushmagan mablag`lar o`rnini qoplash maqsadida 2024 yilning 1 yanvaridan mazkur soliq imtiyozi bekor bo`ldi. Ushbu kundan boshlab “Uzbekneftegaz” brendi ostidagi AYoQShlarda Ai-80 rusumidagi avtobenzinning chakana narxi 1 litr uchun 6800 so`m etib belgilanadi", deyiladi xabarda.






