Shavkat Mirziyoev raisligida 2 yanvar kuni mudofaa qurilishi va O`zbekiston Qurolli kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda qo`shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarog` va harbiy texnika bilan ta`minlash, mavjud qurol-yarog` namunalarini modernizasiya qilish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila a`zolari va Qurolli kuchlar faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Qo`shinlarning jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarligi, boshqaruv organlari, birlashmalar, qo`shilma va qismlar, oliy harbiy ta`lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish bo`yicha bajarilgan ishlar yuzasidan mudofaa vazirining hisoboti tinglandi.
Hisobot davrida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tayyorlashga alohida e`tibor qaratildi. Xususan, mahallalarda 24 mingdan ortiq tadbir o`tkazildi, “Jasorat maktablari”dagi o`quv yig`inlariga 5 ming nafardan ziyod yoshlar jalb qilindi. Harbiy shaharchalarda “temir daftar”ga kirgan oilalarning farzandlari uchun fan, sport va san`at turlari bo`yicha to`garak va seksiyalar tashkil etish, ularni brigada komandirlari va harbiy okrug qo`mondonlariga biriktirish amaliyoti yo`lga qo`yildi.
Jami 580 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari o`tkazildi, ularda Qurolli kuchlarning 35 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. Harbiy xizmatchilar va ular oila a`zolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida qo`shinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi, harbiy xizmatchilarning professionalligi, jangovar ruhi va psixologik shayligi sezilarli darajada oshdi.
Harbiy oliy ta`lim muassasalari faoliyatida harbiy kadrlarni ilg`or texnologiyalar asosida tayyorlash bo`yicha yangi tizim joriy qilindi. Bundan tashqari, harbiy sohani raqamlashtirishga alohida e`tibor qaratildi. Qo`shinlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, aloqa tizimlari takomillashtirilmoqda.
Yig`ilishda milliy armiyani zamonaviy qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk bilan ta`minlash, harbiy sanoat majmuini takomillashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi ko`rsatib o`tildi.
14 yanvar kuni nishonlanadigan Qurolli kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag`ishlangan bayram tadbirlarini yuksak saviyada tayyorlash va o`tkazish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Yig`ilish yakunida davlat rahbari tomonidan Qurolli kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yuksaltirish bo`yicha qator topshiriqlar berildi.






