Oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlaridagi sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning sanitariya-gigiena hamda yong`in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsadida, Toshkent bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, ushbu ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy etkazib beruvchisi bo`lgan Toshkent qishloq xo`jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.
Qayd etilishicha, bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig`may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo`yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo`llarining tirbandligiga asosiy sabab bo`lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o`z faoliyatini “Food city”, “Tashkent Index” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi.
Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko`chirish bilan bog`liq bo`lgan harajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do`konlar uchun ijara to`lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida «Qo`yliq» massividan bozor hududigacha yo`l kira xaqqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo`nalishga qo`yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo`nalishlarga chiqish imkoni yaratildi.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlarni “Food city” va “Tashkent city” savdo majmualarida ish bilan ta`minlanadi.