1

Immunitetni ko`tarish uchun qanday mahsulotlar iste`mol qilgan ma`qul?

Salomatlik 07.01.2024, 13:43
Immunitetni ko`tarish uchun qanday mahsulotlar iste`mol qilgan ma`qul?

Ko`pincha qish faslida immunitet tizimi zaiflashib, odamlar orasida mavsumiy kasalliklar avj oladi. SSV matbuot xizmati buning oldini olish uchun qanday mahsulotlar iste`mol qilish lozimligi haqida mutaxassis ma`lumotini berdi. 

 — Avvalo, sho`r, achchiq va yog`li taomlardan tiyilish zarur. Tarkibida shakar va kofein bo`lgan mahsulotlar iste`molini ham cheklagan ma`qul, — deydi Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiev. — Ularning o`rniga, qovoq, sabzi, lavlagi, pomidor, piyoz, sarimsoq, ko`katlar, sutli mahsulotlar, olma, sitrus mevalar, yog`siz go`sht, baliq va asal tanavvul qilish tavsiya etiladi.  

Ma`lum qilinishicha, ushbu noz-ne`matlar organizmni mineral va vitaminlar bilan to`yintirib, immunitet tizimini mustahkamlaydi.  

Tananing kasalliklarga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini oshiradigan mahsulotlardan biri — piyoz. U organizmga tushgan mikroblar bilan kurashish, saraton hujayralari o`sishini to`xtatishga yordam beradi, immunitetni oshiradi.

Sarimsoq piyoz — stressdan keyin tanani tiklashga ko`maklashadi, jigarni tozalaydi. U yallig`lanish va o`smalar bilan kurashish uchun ajoyib vositadir.  

S vitamini ham immun tizimini mustahkamlaydi. U limon, na`matak, apelsin, shirin qalampir, qora smorodina tarkibida ko`p miqdorda mavjud bo`ladi.

Zanjabil (imbir) — organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini tez kuchaytiruvchi mineral va vitaminlarga boy mahsulot.  

Kuniga bir choy qoshiq asal iste`mol qilish ham sog`lik uchun foydali.  

Biroq allergiyaga moyil, surunkali kasalliklardan aziyat chekuvchi kishilar bu mahsulotlarni iste`mol qilishda shifokorlar bilan maslahatlashishlari zarur.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1