AsosiyJamiyat

Bozorlarimiz yurtimizning “tashrif qog`ozi”ga aylantirish kerak

'Bozorlarimiz yurtimizning “tashrif qog`ozi”ga aylantirish kerak'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 9 yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu haqda o`tgan yili 18 dekabrda bo`lgan videoselektor yig`ilishida topshiriqlar berilgan edi. Xususan, mamlakatimizda turizm salohiyati katta ekani, uni samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o`rinlarini ko`paytirish lozimligi ta`kidlangandi.

Taqdimotda shunga muvofiq tayyorlangan loyihalar ko`rib chiqildi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz,Toshkent viloyatining Parkent tumani tog`lari juda xushmanzara. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida sayyohlar bilan gavjum. Bu boradagi sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish ko`zda tutilgan.

Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog` maskanida engil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo`ljallangan.

Turistlar boradigan joylardan biri bu – bozor. Lekin bugungi kunda ayrim bozorlarimiz turistlar uchun jozibador emas, ularda milliy kolorit etishmaydi.

Shu bois davlatimiz rahbari milliy madaniyatimizni aks ettirgan bozor majmualari loyihasini ishlab chiqish vazifasini qo`ygan edi. Taqdimotda tarixiy shaharlarimizdagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo`yicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.

– Bozorlarimizning o`ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qog`ozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do`konlari, oshxonalar, ko`ngilochar maskanlar hamohang bo`lishi, xaridorlar va turistlarni o`ziga jalb qilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o`rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o`tildi.

Taqdimotda Toshkent, Samarqand,Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlatimiz rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Respublika Ma`naviyat va ma`rifat kengashining majlisida Toshkent davlat sirki faoliyatini yaxshilash masalasiga to`xtalib o`tgan edi. Bugungi taqdimotda ushbu madaniyat dargohini ta`mirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda ta`lim va amaliyotni uyg`unlashtirish maqsadida 300 o`rinli o`quv binosini barpo etish rejalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan qo`shimcha ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar