1

Oyda eshitilgan azon: Afsonami yoki haqiqat

Mutolaa 09.01.2024, 23:00
Oyda eshitilgan azon: Afsonami yoki haqiqat

Muqaddas dinimiz va uning asosiy kitobi sanalmish Qur`oni karimning mo``jizalari haqida juda ko`p eshitganmiz, o`qiganmiz. Allohning kalomidagi har bir oyat o`zida behad ma`nolarni, mantiq va mushohadalarni jo etgani ham hech kim sir emas. Shu paytga qadar Qur`onda zikr qilingan ko`plab ilmiy hodisalar asrlar o`tib, ilm-fan tomonidan e`tirof etilgan.

Biroq ko`pincha mashhur insonlarning ilmiy mo``jizalar tufayli islomni qabul qilganlari haqidagi shov-shuvlarning bariga birdek ishonish to`g`ri emas. Ayniqsa internet va axborot kommunikasiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda jahon tanigan mashhurlar haqida shov-shuvlar juda katta mulohazalarga sabab bo`lgandi.

Aslida insonga parvardigor tomonidan aql atalmish buyuk ne`mat va tanlash huquqi berilgan. Har bir inson o`z fitrati, dunyoqarashi, aql-idrokiga mos dinni o`zi tanlab olaveradi. Kimdir din sifatida islomni tanlar ekan, bu faqat va faqat uning o`ziga foyda qiladi.

Biz bugun bir necha o`n yillar davomida musulmonlar orasida katta shov-shuvga sabab bo`lgan xabar – Nil Armstrongning Oyda azon eshitishi va islom dinini qabul qilishi bilan bog`liq masala xususida to`xtalmoqchimiz.

Tarixdan ma`lumki, amerikalik mashhur olim va astronavt Nil Olden Armstrong 1969 yilning iyul oyida «Apollon-11» kosmik kemasi ekipaji tarkibida koinotga parvoz qiladi. Shu yilning 20 iyul kuni o`z sherigi Bazz Oldrin bilan birgalikda Oyga qadam qo`yadi. Shu taxlit Armstrong dunyoning eng mashhur insonlari qatoridan joy oldi. U astronavtlik faoliyatiga yakun yasaganidan keyin bir muddat Sinsinnati universitetida dars berdi. Bi-bi-sining «Sayyoralar» dasturida ekspert sifatida ishtirok etdi. 2012 yil 25 avgust kuni uzoq davom etgan xastalikdan so`ng Sinsinnati shahrida hayotdan ko`z yumdi.

Endi musulmonlar orasida katta shov-shuvga sabab bo`lgan, hatto juda ko`p gazeta va jurnallarda bosilgan, go`yo rostdan yuz bergani aytiladigan voqeani bir eslatib o`tsak.

«…Voqea Misrda sodir bo`lgandi. 1983 yilning fevral oyida Nil Armstrong Qohiraga bir xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun keladi. Bu uning nafaqat Misr, balki islom olamiga ilk tashrifi edi. Yig`ilishning birinchi qismi tugagach, allaqanday tanish, ohangdor ovozni eshitgan Nil mezbonlarga yuzlanib, bu qanday ovoz ekanini so`radi. Mezbonlar bu azon tovushi ekanini, xuddi nasroniylar qo`ng`iroq ovozini eshitib cherkovga shoshilganlari singari musulmonlar shu ovozdan so`ng masjidga oshiqishlarini aytishdi.

Shundan so`ng Armstrongning bergan javobi misrliklarga xuddi ochiq osmondagi yashindek ta`sir qildi: «Men Oyga ilk bor qadam qo`yganimda bu ovozni eshitgandim. O`sha paytda butun vujudim jimirlab ketgandi. Avval qulog`imda shovqin turdi, keyin allaqanday yoqimli tuyg`ularni his etdim».

Hamma lol qolgandi. Guvohlarning aytishicha, devordek oqarib ketgan Armstrong shunday degan: «Yo Alloh, men seni Erda emas, Oyda topdim». U bir necha soniya jim qoldi va qo`shib qo`ydi: «Men Oyga ilk bor ibodatsiz qadam qo`ygandim. Endi har kuni Yaratganga ibodat qilaman. Siz meni musulmon deb hisoblashingiz mumkin».

Bu xabar ko`p o`tmay bir qator musulmon davlatlarida, jumladan Malayziya, Indoneziya, Eron, Afg`oniston, Hindistonning turli matbuot nashrlarida, radio va telekanallarida tarqaldi.

Garchi juda ko`p olimlar, hatto Armstrongning o`zi ham keyinchalik bu xabarning noto`g`ri ekani, Oyda azon ovozini eshitmagani, o`zi ham e`tiqodini o`zgartirmaganini aytib chiqqan bo`lsa-da, bu boradagi shov-shuvlar to`xtamadi.

NASAning rasmiy sahifasida insonning Oyga ilk parvozi vaqtida qayd etilgan audioyozuv e`lon qilingan bo`lib, u erda noma`lum tildagi biror ovoz eshitilmaydi. Ma`lumotlarga ko`ra Nil Armstrong va uning sherigi Oldrin Oyga qo`nishi bilan avval halokatga uchragan «Apollon-1» kemasining a`zolari xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashgan. Keyin Oldrin «Yangi ahd»dan parcha o`qib ibodat qilgan.

1983 yil 14 iyulda Nil Armstrongning yordamchisi Vivian Vayt turli matbuot nashrlarida buyuk astronavtning e`tiqodini o`zgartirgani haqidagi fikrlarni inkor etib bayonot berdi. Unda Armstrongning Oyda azon ovozini eshitmagani, islom diniga kirmagani aytiladi.

2005 yil Nil Armstrong o`z tarjimai holida bu voqeani shunday sharhlagandi: «Ko`pchilik islomiy tashkilotlar meni o`z a`zosi deb hisoblaydi. Mening musulmon bo`lganim haqidagi gap-so`zlar men haqimda odamlar orasida tarqalgan haqiqatdan yiroq xabarlardan biridir».

Xuddi o`sha yili Malayziyada bir forumda ishtirok etgan Armstrong yana shu masalaga to`xtalib o`tadi. U fazogirlikka da`vogar musulmon uchuvchisi Said Zakariyoning savoliga javob berarkan, Oyga ilk bor qadam qo`ygani uning hayotidagi eng baxtli va unutilmas lahzalar ekanini aytish barobarida, u erda azon tovushini eshitgani va islomni qabul qilganini inkor etgan.

Keyinchalik musulmon shayxlaridan biri saudiyalik olim Muhammad Solih Munajjid ham bu xabarning yolg`onligi haqida fatvo chiqargan.

«Biz bu voqeani har taraflama o`rganib chiqdik va uning haqiqatga zid ekanini aniqladik, — deyiladi fatvoda. – Agar bu gap rost bo`lganida, Armstrong jim turmas, butun dunyoni islomga da`vat etgan, turli islomiy telekanallar uni o`z dasturlariga chaqirgan bo`lardilar. Bu xabarni dinimizga nisbatan shubha uyg`otish, musulmonlarning qalblarida fitna chiqarish maqsadida islom dushmanlari o`ylab chiqargan bo`lishlari mumkin».

Bu haqda uzoq yillar NASAda faoliyat ko`rsatgan misrlik olim Foruq Bozz Bazz shunday xotirlaydi.

«Odatda fazogirlar juda xudojo`y bo`lishadi. Chunki ular hech kim qadam bosmagan joyga Allohga tavakkal qilgan holda qadam qo`yishadi. Bunda ularga Yaratgandan boshqa hech kim madad berolmaydi.

Armstrong va Oldrin ham o`zlari bilan birga fazoga Injilni olib chiqishgandi. Men ularga Qur`oni karimning «Fotiha» surasi bitilgan varaqni tutqazdim. Ular bu varaqni olib «juda soz, o`zimizni asrash uchun qo`limizda barcha vositalar bor» deb fazoga uchishdi.

Ular qaytib kelishgach, matbuot anjumanida jurnalistlarga «biz faqat Injil emas, Qur`oni karimning bir qismini ham olib chiqdik» deyishgan. Shunda jurnalistlar «Siz Qur`oni karimni ham Oyga olib chiqdingizmi?» deb so`rashgan. Fazogirlar «Ha. Erda qolgan mutaxassislarimizdan biri Foruq bizga «Fotiha» surasini bergandi» deyishgan. Bu xabar tezda matbuotda tarqaldi. Misrda arab tiliga o`girilib mahalliy gazetalarda bosildi. Keyin bu xabar Eron, Afg`oniston singari davlatlarga yoyildi. Hindistondagi musulmon gazetalarida ilk bor «Oy sathida azon ovozi eshitildi» degan xabarlar paydo bo`ldi. Bor gap shu! Agar Oyda azon ovozi eshitilganda, NASAning o`sha paytdagi mas`ul xodimlaridan biri sifatida bu haqda men birinchilardan bo`lib xabardor bo`lardim».

Shu paytgacha tarqalgan ma`lumotlardan xulosa qilish mumkinki, Nil Armstrong ham, boshqa fazogir ham Oyda azon eshitganini tasdiqlaydigan ishonchli dalillar yo`q. Internet nashrlarida 1983 yilda Misrda o`tkazilgan ilmiy anjumanda Armstrongning og`zidan shu «haqiqat»ni eshitgan biror shohidning ko`rsatmasini topa olmadik.

Yaqinlarining aytishicha, Armstrong juda taqvodor inson bo`lgan, u boshqa din va madaniyat vakillariga ham yuksak hurmat va ehtirom ko`rsatgan. Ammo biror-bir OAVga bergan intervyusida Oyda azon tovushini eshitganini tilga olmagan. 

OAV xabarlariga ko`ra, hatto hayotining so`nggi damlarida ham Armstrong bu ma`lumotni inkor etgan. Bu holat ham turli shov-shuvlarga yo`l ochdi. «G`arb dunyosi bu haqiqatdan yuz o`girishga Armstrongni majbur qilgan» qabilidagi fikrlar ham yangradi. Baribir mavjud dalillar bu bahstalab mavzuga yakuniy nuqtani qo`ya olmaydi. Eng to`g`risini Alloh bilguvchidir.

...Albatta, bu bilan «buyuk bir mo``jiza»ni inkor etmoqchi emasmiz. Alloh istasa uning nomi koinotning har bir nuqtasida yangrashi mumkin. Ammo bunday «mo``jizalar»ni to`qib chiqarish va ularga ko`r-ko`rona ishonish dinimiz nuqtai nazaridan aslo to`g`ri bo`lmaydi.

Qalbi iymon bilan limmo-lim to`la bo`lgan inson uchun qaysidir bir mashhur insonning musulmon bo`lishi, olamshumul mo``jizaning sodir bo`lishi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Avvalambor dunyodagi eng kuchli olim ham, buyuk mutafakkir yo yozuvchi ham, jahonni titratgan fotih ham Yaratganning ojiz bir bandasi xolos. Kishi o`z iymonini tasdiqlashi uchun kimningdir «musulmon bo`lishi»ni kutish shart emas.

Qolaversa, shov-shuv ko`tarish maqsadida turli «mo``jizalar»ni o`ylab topayotgan, turfa shakl va tasvirlarni «ilohiy kalimalar»ga yo`yayotganlar bilib-bilmay dinimizning ziyoni uchun ham xizmat qilib qo`yishlari mumkin. Chunki ayrim saytlarda bizni «ilohiy mo``jiza» sifatida hayratga solgan suratlar, videotasvirlar masxaralanganini ko`ramiz. Dinimiz muxoliflari kinoya bilan «musulmonlar o`z dinlarining haqligini tasdiqlash uchun shunaqa yolg`on isbotlar to`qib olishmoqda» qabilida ta`na toshlarini yog`dirmasligi uchun bunday “afsonalar”ga ishonmaslik, ularni tarqatmaslik.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1