1

Eron xalqaro kinofestivalida “Abdulla Oripov” badiiy filmi ishtirok etadi

Madaniyat 22.01.2024, 20:30
Eron xalqaro kinofestivalida “Abdulla Oripov” badiiy filmi ishtirok etadi

6-11 fevral kunlari Eronda o`tkaziladigan 42 - “Fajr” xalqaro kinofestivali tanlov dasturiga O`zbekistondan “Abdulla Oripov” filmi tanlov dasturiga kiritildi.  

Ushbu film Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan 2023 yilda Kinematografiya agentligi tomonidan Muzaffarxon Erkinov rejissyorligida ishlab chiqarilgan. Film 2023 yilda XV Toshkent xalqaro kinofestivalida “Hakamlar hay`atining maxsus mukofoti”ga va Bokuda o`tkazilgan “Qurqut ota” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi ssenariy” nominasiyasiga sazovor bo`lgan.  

Eron Forobiy kino fondi va mamlakat kino jamiyati ko`magida o`tkazilayotgan “Fajr” xalqaro kinofestivali bu sohadagi nufuzli kinofestivallardan biridir. Kino festival Eron Madaniyat vazirligi va Islom irodasi vazirligi tomonidan birinchi marta 1983 yilda tashkil etilgan va har yili ushbu sanada kinofestival o`tkazilishi an`anaga aylandi. Festivalning birinchi ochilishi 1983 yil 1 fevralda bo`lib o`tdi. 1983 yildan buyon har yili Eron Islom inqilobining yilligi arafasida o`tkaziladi. 1995 yildan boshlab xorijiy filmlar tanlov dasturiga kiritildi va festival xalqaro deb e`lon qilindi.

Tadbir dastlab butun dunyo kinoijodkorlari o`rtasida fikr va g`oyalar almashish maqsadida tashkil etilgan. Qoidaga ko`ra, “Fajr” xalqaro kinofestivali har yili qishda bo`lib o`tishi rejalashtirilib, joriy yil  6-11 fevral kunlari bo`lib o`tishi kutilmoqda.

Bunday muhim voqea uchun 80 dan ortiq davlatdan barcha taniqli kino arboblari Tehronga jamlanishadi. Ayni kunlarda dunyoning turli burchaklaridan eron millatiga mansub aktyorlar o`z vatanlariga qaytishmoqda. Bir necha kun ichida tanqidchilar, kino mutaxassislari va tomoshabinlar yuzlab filmlarni tomosha qilishga muvaffaq bo`lishadi. Birgina asosiy dasturning o`zida 200 dan ortiq kinofilmlar mavjud. Bundan tashqari, “Xalqaro kino”, “Hujjatli filmlar”, “Mehmonlar”, “Xorijiy kino istiqbollari” va boshqa ko`plab bo`limlar mavjud.

“Fajr” xalqaro kinofestivali ochilish marosimida juda chiroyli - konsert dasturi va festivalni ochuvchi filmlar premerasi bilan start oladi.  

Ushbu kinofestivalda yil davomida chiqarilgan barcha Eron filmlari namoyish etiladi. Faqat “Fajr” xalqaro kinofestivalidan keyingina kinokartinalar kinoteatrlarda namoyish etiladi. “Fajr” xalqaro kinofestivalini butun jahon kino jamoatchiligi tomosha qiladi. Kinofilmlarni to`g`ridan-to`g`ri tomosha qilish bilan bir qatorda, mutaxassislar turli mavzularda seminarlar va muhokamalarda qatnashadilar.

Qizig`i shundaki, “Fajr” xalqaro kinofestivali nafaqat Eron poytaxtida, balki mamlakatning boshqa viloyatlarida ham o`tkaziladi. Ko`pincha maktab o`quvchilari va talabalar festivalga bepul taklif qilinadi. Misol tariqasida Eronda islom inqilobi g`alabasining 25 yilligi munosabati bilan 25 ming talabaga taklifnomalar bepul topshirilganligini takidlashimiz mumkin.

“Fajr” xalqaro kinofestivali ko`plab nominasiyalar bo`yicha taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1