1

ShOHNING KEChIKKAN IN`OMI

Moziydan sado 16.11.2016, 12:33
ShOHNING KEChIKKAN IN`OMI

Yoxud “Shohnoma” muallifining ayanchli qismati xususida

Xurosonning qadimiy Tus shahrida yashab o`tgan mashhur fors shoiri Abulqosim Firdavsiy va uning o`lmas “Shohnoma” dostoni hamda shoirning mashhur hukmdor Sulton Mahmud G`aznaviy bilan bo`lgan mujodalasi turli tarixlarda turlicha bayon etib o`tilgan, bu haqda qator ilmiy, adabiy asarlar yaratilgan. Zayniddin Vosifiy o`zining «Badoe`ul vaqoe`»sida bu masalani bir muncha aniq talqin etib o`tganki, men bu o`rinda ushbu mavzuni qissadan hissa tarzida qisqacha bayon etib o`tishni lozim topdim.

“Odam atodan shu kungacha...”
Vaqtiki Abulqosim Firdavsiy  “Shohnoma”ni yozib bitirgandan so`ng o`sha davr taomiliga muvofiq  o`z asarini eng zo`r hukmdor Mahmud G`aznaviyga ko`p qiyinchiliklar, to`sqinliklar bilan tortiq qilganida asar Sultonga ma`qul bo`ladi va o`z vaziri Xoja Hasan Maymandiyga: “Firdavsiyga yuz ming diram qizil tillo berilsin, zero Odam Atodan shu kungacha hech kim bunchalik nazm aytmagan va ayta olmaydi ham”, – deb buyuradi. 

Vazir Maymandiyning esa shoirga nisbatan dilida g`arazi bor edi: Firdavsiy sulton dargohi a`yonlaridan bir qanchasini madh etgan holda Maymandiyni tilga ham olmagan edi. Shu boisdan u Sultonga: “Firdavsiyga har qancha in`om berilsa arziydi, ammo oz-ozdan berilgani ma`qulmikin?”– deydi. 

“Nima, xazinamda shunchalik zar yo`qmi?”– deydi Sulton jahl bilan. “Sultonim, agar istasalar undan yuz chandon ortig`i bilan topiladi, – deydi vazir, – ammo bunday katta boylikni ko`rgan odam xursandlikdan yuragi yorilib o`lishi mumkin. Garchi Firdavsiy rofiziy va mu`taziliy bo`lsa ham achinasan kishi...” 

Vazirning ataylab to`qib aytgan bu gaplari mutaassib sultonga yomon ta`sir qiladi va u qovog`ini solib: “Bilganingni qil. Ishqilib, uni rozi qilsang bo`ldi...”– deydi. 

Tilla o`rniga kumush
Vazirning buyrug`i bilan Firdavsiyga oltmish ming diram kumush pul olib borib beradilar. O`z mehnatiga berilgan bu arzimagan haqni ko`rib xafa bo`lgan shoir bu kumush chaqalarning bir qismini hammomchiga, bir qismini bo`zchiga va bir qismini uni olib kelgan kishiga beradi va: “Sultonga mening ta`zimimni etkaz. Men o`z asarimni molu dunyo uchun emas, o`z nomimning boqiy qolishi uchun yozganman”, – deydi. 

Bu gap Sultonga etib borgach, u Xoja Hasanga g`azab qilib: “Mana, sendan chiqqan maslahatning oqibati. Endi shoir meni badnom qiladi”, – deydi. Bunga javoban vazir: “Shohim, Sultondan nimaiki kelsa, fuqaro uni ulug` tutishi lozim. Unga bir bo`lak kesak beriladigan bo`lsa ham uni xor qilmasligi shart. Bu odam sizning in`omingizni xor qilibdi, jazoga loyiqdir”, – deydi. 

Sulton bu so`zlarga ishonib: “Farmonim shu: bunday qarmatiy fil oyoqlari ostiga tashlansin”, – deb buyruq beradi. 

Bu dahshatli farmondan saroydagi do`stlari orqali ogoh bo`lgan Firdavsiy zudlik bilan G`aznadan chiqib ketadi. Shoh darg`azab bo`lib Xoja Hasan Maymandiyni qatl ettiradi.

Kechikkan marhamat
Oradan yillar o`tadi. Firdavsiy Mahmud G`aznaviy g`azabidan qochib, yashirinib yuradi. Bu orada Sulton g`uz qabilasi bilan urush olib boradi, ular o`rtasida muzokara – yozishmalar bo`lib o`tadi, g`uzlar Sultonga mardlik va jasorat ufurib turgan she`riy parcha bilan javob qiladilar. Sulton bu ajoyib she`riy parcha qaerdan olingan, qaysi shoirniki, deb so`raganda bu otashnafas misralar Firdavsiyning “Shohnoma”sidan ekanligini aytishadi. 

Sulton shundagina qanday mislsiz, javohirlardan ham qimmat asardan yuz o`girganligini payqab, o`z xatosini tushunadi va yuz ming misqol tilloni tuyalarga ortib, Tusga eltishni, Firdavsiyga topshirib, undan uzr so`rashni buyuradi. Ammo Tusning bir darvozasidan Sulton tillolari ortilgan tuyalar kirganda uning ikkinchi darvozasidan Firdavsiyning tobuti chiqib borayotgan edi...

Or-nomus, g`ururni har narsadan ustun qo`ygan shoir umrining so`ngida bitilgan “Tavbanoma”sidan shunday baytlarni bitgandi:

Endi Faridunni madh etmoq qayda,
          Zahhok taxtin olsa, menga ne foyda?
          Qayqubod tojidan jonimga ozor,
          Kovus taxtidan ham qolmadi osor.
          Shohlardan yozmayman endi men aslo,
          Dargohi ko`ngilga urdi mutlaqo.
          Behuda gaplarni aytmay endi hech,
          Aql der, behuda lof urmoqdan kech!

Ordana ming yildan ko`proq vaqt o`tgan bo`lsa-da, Firdavsiyning shoh asari “Shohnoma” dunyo adabiyotining bemisl javohirlaridan biri sifatida qalblardan joy olib kelmoqda. 

Muxtor Xudoyqulov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1