Bir necha kun avval Jizzax viloyati Do`stlik tumanida joylashgan oilaviy MTTlarining birida tarbiyalanuvchi bola vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Bosh prokuratura Matbuot xizmati Hayot Shamsuddinov holat haqida darakchi.uz'ga qo`shimcha ma`lumot berdi.
"Joriy yilning 15 fevral kuni soat 09:00 larda Do`stlik tumanida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari nazoratsiz qoldirishi oqibatida, 3 nafar voyaga etmagan bola maktabgacha ta`lim tashkiloti hovlisidan chiqib ketgan.
Shundan so`ng, shu kuni soat 13:00 larda 1 nafar voyaga etmagan 2021 yilda tug`ilgan qiz nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotidan taxminan 1 km. uzoqlikdagi fermer xo`jaligi dala maydonidan oqib o`tuvchi ariqdagi suv ichidan vafot etgan holda topilgan.
Qayd etilgan holatlarda Jinoyat kodeksining 192-11 (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o`z vakolatlarini suiiste`mol qilish) va 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash)-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligini, holat bo`yicha bir qator tergov harakatlarini o`tkazmasdan turib qonuniy to`xtamga kelib bo`lmasligini inobatga olib, jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov xarakatlari olib borilmokda" deyiladi xabarda.