Kuni kecha Butunjahon gidlar kuni munosabati bilan “VII O`zbekiston gidlari xalqaro forumi – 2024” bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
"2023 yil 30 noyabrda gid-tarjimonlar uchun muhim bo`lgan hukumat qarori qabul qilindi. Qaror bilan gid-tarjimonlarga malaka sertifikatlarni berish bo`yicha davla xizmatini amalga oshirish reglamenti tasdiqlandi.
Endilikda gid-tarjimonlarimiz malaka sertifikatini oshirish uchun arizalar hamda malaka imtihonlarini o`z hudularida topshirish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda Turizm qo`mitasi oldida amalga oshirish kerak bo`lgan bir qancha ustuvor vazifalar turibdi. Jumladan, joriy yilda “O`zbekiston bo`ylab sayohat qil” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 22 mln nafardan oshirish, horijiy sayyohlar sonini esa 10 mlnga etkazish bo`yicha soha oldida dolzarb vazifalar qo`yilgan”, - dedi Turizm qo`mitasi raisi Umid Shadiev forumning ochilish marosimida.
Shuningdek tadbirda ishtirok etgan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri Kongratbay Sharipov:
“Birinchi navbatda turistik salohiyatni o`rganishimiz kerak, yangi turistik ob`ektlarni topishimiz kerak, bor materiallarni 12 ta tilga tarjima qilishimiz kerak, va kelajakda har qanday turistni shu erda yuqori, sifatli xizmat ko`rsatishni tashkil etish kerak. Ya`ni, gidlar bilan biz “qo`lni-qo`lga berib” ishlashimiz kerak.
Lekin, afsus gidlar har-hil ma`lumot beradi. Shuning uchun biz OTM bo`ladimi, Turizm qo`mitasi tomonidan tayyorlangan uslubiy qo`llanmalar bo`lishi kerak va bir hi ma`lumotlarni biz tarqatishimiz kerak”, deya ta`kidladi.
Forum doirasida “Ekskursiya faoliyati: ta`lim, fan va amaliyot simbiozi” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, shuningdek, “Ziyorat turizmi: ekskursiya faoliyati uchun mutaxassislar tayyorlashga qo`yiladigan talablar” va “Muzeyshunoslik: ekskursiya faoliyati uchun mutaxassislar tayyorlashga qo`yiladigan talablar” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi.
“VII O`zbekiston gidlar xalqaro forumi – 2024” ikki kun davomida 300 dan ortiq ishtirokchilar, tajribali gidlar (ekskursiya etakchilari), gid-tarjimonlar, yo`riqchi-yo`l boshlovchilar, turizm sanoatidagi xorijiy va mahalliy mutaxassislar, davlat organlari, ilmiy va ta`lim doiralari vakillari uchrashuvi uchun jonli muloqot maydoni bo`lib xizmat qildi.
Forumda Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Litva, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston, Turkiya va boshqa davlatlardan xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.






