AsosiyJamiyat
1669

Prezident IT-xizmatlar eksportini oshirish bo`yicha takliflar bilan tanishdi

'Prezident IT-xizmatlar eksportini oshirish bo`yicha takliflar bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 22 fevral kuni IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. 

Bu haqda o`tgan yili 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida bo`lgan videoselektor yig`ilishida topshiriq berilgan edi.

Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 1 ming 700 taga etib, ularda 26 ming nafar xodim faoliyat ko`rsatmoqda. “O`zbekiston – 2030” strategiyasida rezidentlar sonini 10 barobar oshirib, ulardagi ish o`rinlarini 100 mingtaga etkazish, sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga olib chiqish belgilangan.

Shu maqsadda, hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni keng jalb qilishga qaratilgan “Zero Risk” dasturini qo`llash taklif etilmoqda. Bu dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-park tavsiyanomasi asosida bo`sh turgan davlat binolari 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi. Bu muddat tugagach, to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuziladi. IT-park tomonidan texnika va jihozlar 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.

Bu korxonalar faoliyatini rivojlantirishi uchun ham qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, ushbu dastur bo`yicha korxonalarga xodimlarni ishga olish va malakasini oshirish xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi.

Mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro miqyosga olib chiqish bo`yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi. Unga ko`ra, mahalliy IT-kompaniyalarning jahon bozoriga chiqishi, xalqaro ko`rgazmalarda qatnashishi, xorijiy ekspertlarni taklif etishida xarajatlarning 50 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Taqdimotda “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish bo`yicha ham axborot berildi. Yoshlar, ayollar va nogironligi bo`lgan shaxslarda IT-xizmatlar ko`rsatish ko`nikmalari shakllantiriladi. Natijada 9 mingta ish o`rni yaratilishi, jumladan, 5 mingga yaqin ayollar va nogironligi bo`lgan shaxslarning bandligi ta`minlanishi mo`ljallangan.

Umuman, “raqamli inklyuzivlik” loyihasi natijasida 25 ming nafar shaxsni ish bilan ta`minlash hisob-kitob qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, qo`shimcha ko`rsatmalar berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar