Tadbir avvalida yangi “O`zbekiston madaniy merosi Italiya to`plamlarida” kitob-albomining taqdimoti bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Italiya Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan.

“O`zbekiston madaniy merosi Italiya to`plamlarida” kitob-albomi Butunjahon jamiyatining Italiya Respublikasi ilmiy muassasalari bilan bir necha yillik tadqiqotlari va hamkorligi samarasidir. Tadbirning taklif etilgan mehmoni italiyalik san`atshunos, jild mutasaddisi va mustaqil tadqiqotchi Francesca Fiorentino bo`ldi.
O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, san`atshunoslik fanlari bo`yicha falsafa doktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegasiya Italiya Respublikasiga, O`zbekiston madaniy merosi obidalari va tarixiy ob`ektlariga bir necha bor ilmiy-tadqiqot safarlarni uyushtirdi. Safar chog`ida Italiya muzeylarida saqlanayotgan mamlakatimiz madaniy merosiga oid osori atiqalar va tarixiy ashyolar o`rganildi. Kitob nashr etilishi bilan birga “O`zbekiston madaniy merosi Italiya to`plamlarida” hujjatli filmi ham tayyorlandi.





