Ijtimoiy tarmoqlarda Transport prokuraturasi tomonidan turizm sohasi tadbirkorlik sub`ektlariga jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib borilayotganligi va Turizm qo`mitasiga mazkur turoperator va turagentlarning lisenziyalarini to`xtatib turilishi yuzasidan xat yuborilganligi bo`yicha xabarlar tarqaldi.
Turizm qo`mitasi tomonidan mazkur holat yuzasidan turistik korxonalar tahlil qilindi.
Mazkur xat xususiy aviakompaniya parvozlarining kechikishi natijasida "Umra" tadbirlari vaqtida moddiy va ma`naviy jabr ko`rgan fuqarolardan olingan ma`lumotlar asosida yuborilganligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur murojaat xatida keltirilgan dastlabki turistik korxonalar haqidagi ma`lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Turizm qo`mitasi tomonidan Transport prokuraturasiga mutaxassis ajratildi.
Bugungi kunda tadbirkorlik sub`ektlariga keng imkoniyatlar yaratilib, hukumat tomonidan katta imkoniyatlar berib kelinmoqda. Shu bois, amaldagi qonunchilikka asosan faoliyat olib borayotgan turistik korxonalarga noqulaylik tug`dirmaslik maqsadida, Transport prokuraturasi bilan birgalikda jinoyat ishiga aloqador bo`lgan turistik korxonalarning identifikasiya raqamiga (STIR) aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan aloqador bo`lgan turistik korxonalarning identifikasiya raqamlarini (STIR) aniqlash ishlari yakunlanganidan so`ng jinoyat ishi ochilgan korxonalarning faoliyati vaqtinchalik to`xtatib turilishi ma`lum qilindi






