Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Tashkent City Mall savdo-ko`ngilochar markazini ko`zdan kechirdi.
Majmua ko`p funksiyali bo`lib, zamonaviy tijorat va xizmat turlarini qamrab olgan. 5 qavatda savdo do`konlari, restoran va kafelar, ko`ngilochar o`yinlar va sport maydonlari joylashgan. Er ostida 2 qavatli avtoturargoh bor.
Markazda dunyoning eng oldi brendlari shoxobchalarini ochgan. Ular orasida birinchi marta O`zbekiston bozoriga kirib kelayotganlari ham talaygina.
Ulkan maydonda bolalar va kattalar uchun yopiq o`yingohlar mavjud. Shuningdek, 14 ta kinoteatr tashkil etilgan. Bir so`z bilan aytganda, bu erda odamlar xarid qilishi, dam olishi, sport bilan shug`ullanib, vaqtini chog` o`tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Majmua bir kunda 60 ming kishiga xizmat ko`rsatish quvvatiga ega. Unda 3 mingdan ziyod kishi ish bilan ta`minlanadi.
Prezident bu erga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari mazkur majmuaning bir qismi bo`lgan besh yulduzli mehmonxonada yaratilayotgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
31 qavatli bu mehmonxona bir vaqtning o`zida 500 kishiga xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`ladi. Unda yuqori martabali mehmonlar uchun sharoitlar, 273 ta standart xona tashkil etiladi.
Shuningdek, katta va kichik konferensiya zallari, ochiq va yopiq suzish havzalari, restoran va kafeteriya xizmat ko`rsatadi. Binoda zamon talabiga mos “Aqlli uy” tizimi hamda tezyurar liftlar o`rnatilgan.
Mehmonxona may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu erda yana 500 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ladi.
Xalqimizga zamonaviy xizmatlar taqdim etadigan bunday markazlarni mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham barpo etish muhimligi aytildi.






