1

Xolid Saidga tegishli “Devonu lug`otit turk” tarjimasi topildi

Madaniyat 08.03.2024, 12:14
Xolid Saidga tegishli “Devonu lug`otit turk” tarjimasi topildi

 Buyuk mutafakkir, turkshunos olim Mahmud Koshg`ariy (1028-1101) qalamiga mansub “Devonu lug`otit turk” asari turkiy xalqlar tarixi, tili va an`analarini o`rganishda eng yirik manbaladan biri hisoblanadi. Ayni paytga qadar arab tilida bitilgan bu asar dunyoning ko`plab tillariga tarjima qilingan. 

Ana shu tarjimalardan biri o`tgan asrning yigirmanchi yillarida atoqli o`zbek adibi va olimi Xolid Said (Xolxo`ja Saidxo`jaev) qalamiga mansub edi. Xolid Said 1888 yilda Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumani hududidagi Qo`shqo`rg`on qishlog`ida tug`ilgan. Bir muddat Turkiston o`lkasi Er taqsimoti idoralarida ishlagan, so`ng Istanbul Universitetida  tahsil olgan. 1918 yilda u Ozarboyjonga kelib,  Ganja shahar gimnaziyasida muallimlik qila boshlagan. 1922 yildan Balaxani tuman xalq ta`limi bo`limida, keyinchalik o`rta va oliy maktablarda muallimlik qilgan.  Tiflis, Tabriz va Bokuda nashr etilgan "Mulla Nasriddin" jurnalida o`z maqolalari bilan ishtirok etib kelgan. “Turkiy tillar tarixiy grammatikasi", "Turkiston tarixining qisqacha ijmoli", "Turk adabiyoti nazariyasi", "Chig`atoy adabiyotidan mulohazalar", "Usmonli, o`zbek, qozoq lahjalarining qiyosiy grammatikasi" va boshqa asarlarni yaratgan. O`rxun-Enasoy bitiklarini o`girib, unga sharhlar bitgan. Maxmud Qoshg`ariyning "Devoni lug`otit turk" asarini arab tilidan,  Abdulla Qodiriyning "O`tkan kunlar" romanini o`zbek tilidan ozarboyjon tiliga tarjima qilgan. 

 O`tgan asrning 30 yillarida O`zbekistonda boshlangan qattol qatag`on siyosati Ozarboyjonda ham o`zining qora ko`lankasini tashlab ulgurgan edi. Akademik Ziyo Bunyodovning qayd etishicha, Xolid Saidning 1937 yilning 3 iyunida xibsga oligan. Uni aksililinqilobiy, panturkistik targ`ibot-tashviqot ishlarida, Turkiya foydasiga josuslikda  ayblashgan. Xolid Said sud hukmi bilan 1937 yilning 12 oktyabrida Boku atroflarida otib tashlangan. 

 Shu paytga qadar Xolid Said tarjimasidagi “Devonu lug`otit turk” asari yo`qolgan deb hisoblanardi. Yaqinda Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Imoduddin Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti arxividan mazkur tarjimaning qo`lyozmasi topildi. Ayni kunlarda Ozarbayjonda ushbu qo`lyozmaning birinchi jildi bosilib chiqdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1