Ota-ona har bir farzandining tarbiyasiga alohida e`tibor qaratishi lozim. Xususan, bolada qay hunarga nisbatan layoqat borligini avvaldan aniqlash ham tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Xo`sh, farzandi biror hunar o`rganayotganda ota-ona nimalarga ahamiyat berishi kerak? Xato qilmasligi uchun qanday yo`l tutishi lozim? Sahifamizda shular haqida to`xtalamiz.
1-vaziyat: Malika bolaligidan tikuvchilikka qiziqdi. Buvisi quroq yostiq, ko`rpacha, uy-ro`zg`or buyumlariyu kashta-palaklar tikayotganini zo`r qiziqish bilan kuzatardi. Shu tariqa qizaloq ko`rpa qavish, kashta tikishni o`rganib oldi. Kollejga o`qishga kirgach esa milliy naqshlar solingan liboslar, zamonaviy pardalar, xullas, milliy to`qimachilik va kashtachilik buyumlarini tika boshladi. Yosh bo`lsa-da, bir nechta ko`rgazmalarda ishtirok etdi. Ota-onasi ham uning qiziqishlarini to`g`ri anglab, munosib rag`batlantirib borayapti. Kelajakda hunar sirlarini mukammal o`rganib, xususiy korxona ochmoqchi.
2-vaziyat: Umar yoshligidan futbolga qiziqib, mashg`ulotlarga muntazam qatnar edi. Bir gal oyog`idan jarohat olib davolandi. Bundan xavotir olgan ota-onasi mashg`ulotlarga qatnashni taqiqlashdi. U 14 yoshida ota-onasining qistovi bilan usta qo`shnisi Usmon akaga shogird tushdi. Ammo oradan bir yildan ziyod vaqt o`tsa hamki, hech narsa o`rganolmadi. Chunki bu hunarga hech qiziqmadi, o`rganishga xohishi ham yo`q edi. Ota-onasi va ustozidan dashnom eshitgani-eshitgan, darslarni vaqtida o`zlashtirolmay qiynalardi...
Eng to`g`ri tanlov
Ota-ona farzandini hunarga yo`naltirishda, eng avvalo, uning qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatlarini inobatga olishi kerak. Bola tanlagan hunariga yurakdan qiziqsa, kelajakda o`zini shu kasbda topa oladi. Agar aksi bo`lsa, hech narsaga erisholmaydi. Shuning uchun hunar tanlashda, dastlab to`g`ri qaror qabul qilish kerak. Qolaversa, usta tanlash muhim. Chunki bolangiz o`ziga ustoz deb bilgan kishidan ham hunar o`rganadi, ham ibrat oladi. Ustaning nafaqat mahorati, balki fe`l-atvori ham havas qilgulik bo`lishi lozim.
Hunarni bosqichma-bosqich o`rgatish lozim
Dastlab, bolada eng oddiy va sodda harakatlarni shakllantirib, keyin murakkab detallarni o`rgating. Birinchi oddiy harakat, keyin harakatlarning obrazliligi, so`ng mantiqiyligini o`rganishi lozim. Shu orqali bola o`ylashga, fikrlashga o`rganadi. Qanday qilsa ishi yanayam engil kechishi, muvaffaqiyatga erishishi haqida o`ylaydi.
Bola boshqa tengdoshlariga ham bilganlarini o`rgatsa, bilimi yanada mukammallashadi. Unda pedagoglik qobiliyati shakllana boshlaydi. Eng muhimi, hunar orqali bolada ajdodlariga nisbatan hurmat hissi ildiz otadi.
Maktabdagi ta`limni ham unutmaslik kerak!
Bolaga kasb-hunar bilan bir qatorda dunyoviy bilimlarni ham egallash ana shu kasbning asosi ekanligini tez-tez uqtirish kerak. Misol uchun, duradgor matematikani bilmasa va adabiyotni tushunmasa, oddiy taxtadan bejirim rom yasay olmaydi. Naqqosh g`azal ma`nosini his qilmasa, go`zal naqshlar chizolmaydi, ijodiy dunyoqarashi torligicha qoladi. Xuddi shularni bolaga tushuntirish lozim. Bola maktabdagi fanlar va darslar sevgan kasbining asosi ekanligini anglab etishi kerak.
Rag`bat zarurmi?
Albatta, bolani ham moddiy, ham ma`naviy jihatdan rag`batlantiring. “Sen shu ishni qilsang, mana bu istagingni bajo keltiraman”, “Juda yaxshi bajarayapsan, shakllarni to`g`ri tanlabsan” qabilida rag`batlantirish lozim. Aksincha: “Sen eplolmaysan, bu qo`lingdan kelmayapti”, deyilsa bolada o`sha hunarga bo`lgan qiziqish so`nadi.
Manfaat yuzasidan hunar tanlash
Ba`zida shunday holat ham kuzatiladi. Bunga sababchi ota-ona yoki hunar o`rgatayotgan ustozdir. Masalaning moddiy jihatiga urg`u berish noto`g`ri tarbiyadir. Har qanday sharoitda ham bolaga ma`naviy ozuqa berishga harakat qilish kerak.
Bola qachon kasbdan soviydi?
Bolada o`tish davri inqirozi kuzatilishi mumkin. Undagi ruhiy tanglik “Qilgim kelmayapti, bajarishni xohlamayman”, degan bahonalarni keltirib chiqaradi. Ana shunda ota-ona farzandiga biroz dam berishi, uni ma`lum vaqt hunardan uzoqlashtirishi kerak. Fursati kelib, bola bu holatdan chiqib, yana avvalgi qiziqishi va layoqatini namoyon eta boshlaydi.
Majburlash to`g`rimi?
Bolani hunar o`rganishga majburlash mutlaqo noto`g`ri. Layoqati bo`lmagan, qiziqishi yo`q bolani majburlash uni ko`plab imkoniyatlardan mahrum etadi.
UNUTMANG! Hunar o`rganishning salbiy jihati yo`q.