AsosiyJamiyat

Ukraina dollardan voz kechmoqchi

Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash fonida AQSH dollaridan yevroga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

'Ukraina dollardan voz kechmoqchi'ning rasmi

Ukraina jahon savdosining tarqoqligi va Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash fonida AQSH dollaridan yevroga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Milliy banki rahbari Andrey Pishniy “Reuters” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Pishniy bunday keskin burilishga bir qancha dalillar keltirgan. Birinchidan, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga potensial a’zoligi yevroni bazaviy valyuta sifatida tanlashni mantiqiy va asosli qiladi. Ikkinchidan, yevro global bozorlarda dollarga nisbatan yuqori qiymatga ega.

“Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish ehtimoli, Yevropa Ittifoqining Ukraina mudofaa qobiliyatini ta’minlashdagi rolining kuchayishi, jahon bozorlaridagi katta o‘zgaruvchanlik va jahon savdosining parchalanish ehtimoli Milliy bankni yevroni dollar o‘rniga Ukraina grivnasi uchun bazaviy valyuta qilish yoki qilmaslik masalasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda”, degan u o‘z nutqi davomida.

Ukraina milliy banki rahbari, shuningdek, Ukraina valyuta bozorining aksariyat segmentlarida yevrodagi operatsiyalar ulushi allaqachon o‘sib borayotganini ta’kidlagan.

“Bu ish murakkab va sifatli, har tomonlama tayyorgarlikni talab qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Pishniy.

Ukraina harbiy sa’y-harakatlarni ta’minlash uchun tashqi moliyalashtirishga umid qilmoqda. Milliy bank rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev bu yil 55 milliard dollar kutmoqda, ular nafaqat budjet taqchilligini qoplaydi, balki yordam hajmi qisqarishi mumkin bo‘lgan kelgusi yillar uchun davlat moliyasi zaxirasini yaratish uchun ham ishlatiladi.

Ma’lumot uchun, Ukraina 1996 yilda grivnani joriy qilgan va o‘nlab yillar davomida dollarni asosiy valyuta sifatida ishlatgan.

2022 yil fevral oyida Ukraina Milliy banki kapital harakati ustidan nazorat o‘rnatgan va grivnani dollarga qattiq bog‘lagan, keyin esa budjet nomutanosibligi to‘planib qolgani sababli devalvatsiya o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

    Boshqa yangiliklar