AsosiyJamiyat

Ro`zaning tanamizga ta`sirini bilasizmi?

'Ro`zaning tanamizga ta`sirini bilasizmi?'ning rasmi

Ro`za tutish sog`liq uchun foydalimi? Quyida 30 kun ro`za tutganingizda tanangizda qanday o`zgarishlar yuz berishi haqida bilib olishingiz mumkin.

Eng qiyin qism - ilk ikki kun

Tibbiyot nuqtayi-nazaridan so`nggi ovqatdan sakkiz soat yoki shunga yaqinroq vaqt o`tmagunga qadar tanangiz «ro`zadorlik holati»ga kirmaydi. Bu vaqt atrofida ichaklar ovqatdagi oziq moddalarni so`rib olish jarayonini yakunlayotgan bo`ladi.

Oziq moddalar ichaklar orqali so`rib olingandan so`ng tanamiz jigar va mushaklarda to`plangan glyukozadan quvvat olishga harakat qiladi.

Ro`zaning so`nggi qismlarida, glyukoza tugagandan so`ng, tanada yig`ilgan yog` quvvatning navbatdagi manbayi bo`lib xizmat qiladi.

Ramazonning ilk kunlari qiyinroq kechadi, ammo organizm ochlikka tezda ko`nikadi

Bu vaqtda tanangizdagi ochlik hissi o`zining eng yuqori cho`qqisiga chiqadi.

Suvsizlanishdan ehtiyot bo`ling - 3-7-kun

Tanagiz ro`za tutishga moslasha borgan sari yog`lar cho`kib, qondagi shakarga aylanadi. Ro`za tutish davomida yo`qotilgan suyuqlik miqdori iftorlik va og`iz yopish orasida qayta to`ldirilishi lozim. Aks holda terlash hisobiga tana suvsizlanib qoladi.

Iste`mol qilinayotgan taomlarda uglevod va yog`lar kabi quvvat beruvchi moddalar etarli darajada bo`lishi zarur. Shuningdek, oziq moddalar, jumladan, oqsillar, tuzlar va suvning iste`mol qilinayotgan taomdagi miqdori o`zaro muvozanatda bo`lishi ham muhim.

Ro`za payti suv ichish muhim, ayniqsa, yoz oylarida.

Ro`za tutishga o`rgana boshlaysiz - 8-15-kun

Uchinchi bosqichga kelib, tanangiz ro`za tutishga to`la o`rganib qolgandan so`ng kayfiyatingizda ham yaxshi o`zgarishlar paydo bo`la boshlaydi. 

Ro`za tutish davomida anchayin engillashgan tana boshqa funksiyalarga o`z e`tiborini qaratish imkoniga ega bo`ladi. Shunday qilib, ro`za tutish tananing o`zini-o`zi davolash xususiyatlari, shuningdek, infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Ichni tozalash - 16-30-kun

Ramazonning so`nggi qismida tanangiz ro`za tutishga butunlay ko`nikib bo`ladi. Bu vaqtga kelib yo`g`on ichak, jigar, buyrak va terilarda tozalanish jarayoni boshlanib ketadi.

Ro`za tutish orqali o`z-o`zini tozalab olgan organlar o`zining faoliyatini to`liq tiklab oladi. Xotirangiz va diqqatni jamlash qobiliyatingiz yaxshilanib, o`zingizni bardam seza boshlaysiz.

Davomli ochlik ozishning yaxshi yo`li emas

Tanangiz quvvat olishda oqsillarga qaram bo`lib qolmasligi kerak. Bu manzara tana o`ziga xos 'ochlik holati'ga kirganda va mushaklardan quvvatlana boshlaganda yuzaga keladi hamda bir necha kundan bir necha haftaga qadar davom etadi.

Ramazon ro`zasi faqat kun chiqqandan botganga qadar davom etgani sababli bizda tanamizni quvvatga boy ozuqalar va ichimliklar bilan to`ldirib olishga etarlicha imkon bo`ladi. Bu mushaklarni qurib ketishdan saqlaydi. Bundan tashqari vazn tashlashga ham yordam beradi.

Biz tanovvul qilayotgan taomlarimizga e`tiborni oshirganimiz sababli ro`za tutish sog`liq uchun foydali. Biroq bir oylik ro`za foydali bo`lsada, uni davomiy tutish tavsiya etilmaydi.

Ramazon ro`zasida har kuni quvvatga boy ozuqa iste`mol qilishga e`tibor berish zarur. Shundagina tanangiz hayot uchun muhim bo`lgan mushak to`qimalarini eb yubormaydi.

    Boshqa yangiliklar