“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida byudjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar qildi.
Agentlik tomonidan 2023 yil davomida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi huzuridagi “O`quv ta`lim-ta`minot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida respublika budjeti hisobidan xarid qilingan kompyuter va boshqa vositalarning tavsiya etilgan texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda moliyaviy mablag`lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi Farg`ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida joyiga chiqqan holda o`rganildi.
Etkazib berilgan kompyuterlarning texnik xususiyatlari o`rganilganida shartnomada ko`rsatilgan talablar to`liq bajarilmaganligi aniqlandi.
O`rganish yakunlari bo`yicha to`plangan hujjatlar mas`ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, “O`quv ta`lim-ta`minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ o`rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan etkazib berilishi lozim bo`lgan qo`shimcha elektron vositalar etkazib berilmasdan, jami 919 mln 360 ming so`m miqdordagi budjet mablag`lari o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Departamentning Toshkent shahar bo`limi tomonidan “O`quv ta`lim-ta`minot” DM va “Smart Sales Leader” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.