1

O`zbekiston va Tojikiston o`zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga etkazish choralarini izlamoqda

Siyosat 12.03.2024, 17:36
O`zbekiston va Tojikiston o`zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga etkazish choralarini izlamoqda

Dushanbe shahrida 12 mart kuni O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Ikki mamlakat Bosh vazirlari boshchiligida o`tgan yig`ilishda prezidentlarning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimiz do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va o`zaro hurmat ruhida jadal rivojlanib borayotgani, ular tomonidan ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish bo`yicha aniq vazifalar belgilab berilgani ta`kidlangan.

Qayd etilishicha, so`nggi yillarda o`zaro tovar ayirboshlash oshib bormoqda. O`tgan yili uning hajmi 757 million dollarga etgan. Kelgusida o`zaro savdoni 1 milliard dollarga etkazish uchun birgalikda barcha choralarni ko`rish lozimligi, bunga sanoat kooperasiyasi, energetika, qishloq va suv xo`jaligi, transport-logistika sohalarida qator qo`shma loyihalarni izchil amalga oshirish orqali erishish mumkinligi qayd etilgan.

Yig`ilishda O`zbekiston-Tojikiston xalqaro chegara savdo zonasini yaratish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun chegara hududlarida ulgurji tarqatish markazlarini yaratish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilgan.

Shuningdek, agrosanoat, to`qimachilik, farmasevtika, kimyo, metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish yuzasidan mavjud imkoniyatlarni ishga solish lozimligi belgilangan.

Majlisda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o`z samarasini berayotgani, ayni paytda Oliy darajadagi uchrashuv arafasida O`zbekiston-Tojikiston ikkinchi hududlararo forumini o`tkazishga tayyorgarlik ko`rilayotgani ma`lum qilindi.

Tomonlar qishloq xo`jaligi sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat chegaradosh hududlarida qo`shma qishloq xo`jaligi klasterlarini tashkil etish va hamkorlikda tadqiqotlar o`tkazishdan manfaatdorligini bildirgan.

Transport-kommunikasiya sohasi qo`shma savdo-iqtisodiy va investisiya loyihalarini amalga oshirishda, do`st xalqlarimiz o`rtasidagi birodarlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda esa madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik muhim omil bo`lishi qayd etilgan.

Tadbir so`nggida O`zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yig`ilishi bayoni imzolangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1