Respublikada elektr energiyasini berishda cheklovlar bekor qilinganidan keyin 4 kun o`tib qaytadan joriy etildi.
Energetika vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, kecha, 12 mart kuni kuchli yomg`ir va qattiq shamol tufayli elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 12 ta, gaz ta`minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilingan.
Kecha kun davomida Farg`ona viloyatidagi 110 kVli “L-Arsif”, 110 kVli “L-Charxiy-1” elektr uzatish tarmog`ida nosozlik kuzatilgan. Oqibatda Yozyovon, Toshloq va Qo`qon shahridagi 8,5 ming iste`molchi hamda kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta`minotidan uzilgan. Soat 22 dan 7 daqiqa o`tganida iste`molchilarning elektr ta`minoti to`liq tiklandi.
Toshkent shahrida 110/35/10 kVli “Teplichnaya” podstansiyasi 15 MVt quvvat bilan kuchlanishsiz qolgan. Oqibatda Mirobod va Sergeli tumanlaridagi 3 ming 700 ta iste`molchi elektr ta`minotidan uzilgan. Soat tungi 12 dan 22 daqiqa o`tganida iste`molchilarning elektr ta`minoti qayta tiklandi.
Bugun soat 8 dan 5 daqiqa o`tganida Farg`ona viloyatida kuchli yomg`ir va shamol tufayli 6-10 kVli 11 ta elektr uzatish tarmog`ida nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda Beshariq, Dang`ara hamda O`zbekiston tumanlaridagi 7 ming 500 ta iste`molchi va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr ta`minotidan uzilgan.
Eslatib o`tamiz, 8 martdan elektr energiyasi etkazib berishda hech qanday cheklovlar qo`llanilmasligi haqida xabar berilgandi.