AsosiyJamiyat

Ota farzandining 18 yoshgacha bo`lgan aliment pullarini oldindan to`ladi

'Ota farzandining 18 yoshgacha bo`lgan aliment pullarini oldindan to`ladi'ning rasmi

Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida yashovchi ota farzandi uchun 18 yoshga to`lguniga qadar to`lashi kerak bo`lgan aliment pullarini avvaldan to`lab qo`ydi. Bu haqida MIBning O`zbekiston tumani bo`limi boshlig`i A.Sattarov xabar berdi.

Ma`lum bo`lishicha, FIB Toshkent shaxar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.M.dan undiruvchi N.M. foydasiga voyaga etmagan bir nafar farzandining moddiy ta`minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Ta`kidlanishicha, farzandining moddiy ta`minoti va majburiyatini anglagan qarzdor M.A. aliment to`lash majburiyatini olgan bo`lsa-da, farzandining 18 yoshgacha bo`lgan aliment pullarini sobiq turmush o`rtog`i bilan o`zaro kelishgan holda oldindan to`lab berishini aytib, Majburiy ijro byurosining O`zbekiston tuman bo`limiga murojaat qilgan.

Byuroning davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan 100 million so`m aliment pullarini sobiq turmush o`rtog`i to`liq olgandan so`ng hujjatlar rasmiylashtirilib, ijro hujjati tamomlandi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to`lash, shuningdek, aliment to`lash majburiyatini ta`minlash bo`yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan. 

Mazkur hujjat bilan alimentlarni oldindan to`lash yoki aliment to`lash majburiyatini ta`minlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berilgan.
 

    Boshqa yangiliklar