O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinni bo`lib o`tgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g`alabasi bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, davlat rahbari maktubida saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalari aholi Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga ishonch bildirayotgani va ularni qat`iy qo`llab-quvvatlayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo`lgani ta`kidlanadi.
Mamlakatimiz etakchisi Rossiya Prezidentiga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Eslatib o`tamiz, Markaziy saylov komissiyasi bayonnomalarning 99,01 foizini ko`rib chiqqandan so`ng Rossiya prezidenti saylovida amaldagi prezident Vladimir Putin rekord darajada — 87,33 foiz ovoz to`pladi.