Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Farg`onada “Agrobank” sobiq mansabdorlarining kirdikorlari oshkor bo`ldi, omonatchilarning biridan 600 mln. so`m mablag`i bankka kirim qilinmasdan, o`zlashtirib yuborilgan” mazmundagi xabarlar tarqaldi.
“Agrobank” ATB Matbuot xizmati holat bo`yicha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, bankning ichki audit xizmati tomonidan Farg`ona filialida o`tkazilgan audit tekshiruvlari davomida filial boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelgan X.O. va boshqalar tomonidan 2023 yil fevralda bankka 600 mln. so`m pul topshirgan omonatchining ushbu pul mablag`larini 2023 yil 7 martda boshqa maqsadlarda chiqim qilib, omonatchining plastik kartasiga o`zlarining pullaridan bank orqali oyma-oy pul o`tkazib kelib, ishonib topshirilgan pul mablag`larni o`zlashtirib yuborilganligi aniqlangan.
Shuningdek, ichki audit xizmati tomonidan o`tkazilgan tekshiruvda bankning sobiq mas`ul filial xodimlari tomonidan “Fergana-Oseana” ma`suliyati cheklangan jamiyat qo`shma korxonasining 1,5 mlrd. so`m mablag`lari qalbaki hujjatlar asosida o`zlashtirib yuborganligi ham ma`lum bo`lgan.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida bankning sobiq mansabdor shaxslari tomonidan kunlik kassa hujjatlari ma`lumotlarini soxtalashtirish yo`li bilan 1,8 mlrd. so`mni o`zlashtirib yuborilganligi fosh etilgan.
Agrobankning Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan yuqorida ko`rsatilgan tartibga asosan barcha zarur hujjatlar Farg`ona viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Mazkur hujjatlar asosida Farg`ona filiali sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli ayblov e`lon qilinib, jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudiga yuborilgan, ish ko`rilib, sudning hukmiga asosan X.O. va boshqalarga nisbatan jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandi va boshqa moddalari bilan tegishli jazolar tayinlangan va etkazilgan zararlar aybdorlardan undirilgan.






