1

Rossiyada “ho`lu quruq baravar yonyapti”mi?

Dunyo 28.03.2024, 19:36
Rossiyada “ho`lu quruq baravar yonyapti”mi?

O`rmonga o`t ketsa, ho`lu quruq baravar yonadi. Joriy yil 22 martda Rossiyadagi “Krokus Siti Xoll”da ro`y bergan teraktda 7 nafar Tojikiston fuqarosi ayblangach, Rossiya jamiyatida nafaqat tojiklarga, balki Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan boshqa millat vakillariga qarshi g`azab va nafrat kayfiyati kuchayib ketdi. Shunday ham millatchiligi va toqatsizligi bilan nom chiqargan bu jamiyatdagi neonasiyat va millatchi guruhlar ham jonlanib qolishdi. Endi ularga “kelgindi”larga qarshi jinoyatlarini bemalol sodir etishlari, bunga mahalliy xalq tugul polisiya ham panja orasidan qarashi mumkin.

Masalan, kecha oqshom ko`chada bir tojik va bir arman millatiga mansub shaxslarni pichoqlab ketishgani ma`lum bo`ldi. Bu holatni Ukrainaga qarshi urush, sanksiyalar, migrasiya muammolari, inflyasiya va qimmatchilik, korrupsiya va diktatura rejimi sharoitida g`azabga to`lgan xalq alamini musofirlardan olishga urinishining bir isboti deyish mumkin. Shu bois bunday mudhish voqealar, afsuski, hali boshlanishi bo`lsa kerak, degan xavotir yo`q emas.

Xorijliklarga yomon ko`z bilan qarash nafaqat qotillik shaklida, balki jamiyat hayotining turli jabhalarida ham ko`zga tashlanmoqda. Uy sohiblari ijrada turgan tojik va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan fuqarolarni haydab chiqaryapti. Xorijliklar ochgan do`konlarga xurujlar ko`paymoqda. Taksi chaqirishsa “sen tojik emasmisan, agar tojik bo`lsang buyurtmani bekor qil” degan millatchilik ruhida talab qo`yishmoqda.

Shuningdek, Blagoveshenskda migrantlarga tegishli savdo paviloni mahalliy yoshlar tomonidan “milliy adovat” bois yoqib yuborilgan. Kalugada esa uch nafar tojik millatiga mansub fuqaroni o`lasi qilib kaltaklashgan. Ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.

Qolaversa, davlat idoralari vakillarining ham xorijliklar, ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat migrantlariga munosabati keskin yomonlashgani qayd etilmoqda. Polisiya va boshqa kuch ishlatar tizimlarning migrantlarga qarshi reydlari ko`paymoqda.

Terrorchilar bilan har qanday shaklda munosabatga kirishgani aniqlangan xorijliklar ham qo`lga olinmoqda. Masalan, seshanba kuni “terrorchilik” moddasi bo`yicha qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida sakkizinchi gumonlanuvchi – Qirg`iziston fuqarosi Alisher Qosimovni sudga olib kelishdi. Garchi u jinoyatchilarga aloqasi yo`qligi, ularning qilmish va rejalaridan xabari bo`lmaganini aytgan bo`lsa-da, terrorchilarga uyini ijaraga bergani uchungina ular bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda.

Ta`kidlash joiz, nafaqat aholi orasida, balki davlat idoralarida ham Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni qayta ko`rib chiqishga chaqiriqlar yangrayapti.

Jumladan, Rossiya Mehnat vazirligi “Xorijiy fuqarolarning "Rossiya Federasiyasidagi huquqiy maqomi to`g`risida"gi qonunga o`zgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Xususan, mehnat shartnomalari muddatini o`zgartirish taklif etilyapti. Agar bu takliflar qabul qilinsa, chet el fuqarosi bilan mehnat shartnomasini tuzish muddati hozirgidek cheksiz emas, ikki yil bilan cheklanishi mumkin. 

Shuningdek, Rossiya deputatlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan vizasiz bordi-keldilar rejimini bekor qilish taklifi bilan chiqishyapti.

Shunday tashvishli xabarlar fonida tojiklar va Markaziy Osiyo davlatlarining qisman boshqa fuqarolari ham vatanlariga qayta boshladi. Ularni esa Rossiyadagidan ham dahshatliroq voqelik – ishsizlik va chorasizlik, hamda keskin filtrasiya – mahalliy polisiya idoralariga chaqirtirib, so`roq qilish jarayonlari kutayotgan bo`lishi mumkin. Zero, bugun Rossiya Tergov idoralari vakillari Tojikistonga borishgani xabar qilindi. Ular terrorchilarning Tojikistondagi qarindoshlarini ham so`roq qilishmoqchi.

Ushbu voqealar fonida Qirg`iziston o`z fuqarolarni Rossiyaga bormay turish bo`yicha ogohlantirgan bo`lsa, O`zbekistonning migrasiyaga mas`ul agentligi vakili bu borada biror ehtiyoj yo`qligi bildirgan.
Ammo jamoatchilik bu borada baribir ehtiyot chorasini ko`rish kerak, degan fikrda.

Agar mudhish terakt fonida o`zbekistonlik migrantlarni ham Vatanga qaytarish zarurati tug`ilsa, o`ylantiradigan ilk masala shuki, qaytib keladigan migrantlarimizning bandligini ta`minlash va etarli daromad taklifini bera olish. O`zbekiston bu masalaga tayyormi, degan savol hozircha ochiq qolmoqda.

Mudhish terakt oqibatlari fonida tarqalayotgan ma`lumotlarga ko`ra, allaqachon tojikistonlik migrantlar yurtiga qaytish uchun harakatga tushib qolgan. Izohlarda keltirilishicha, ularga nisbatan bosim va o`ldirishlar bilan tahdidlar kuchaygan. Migrantlarga bo`layotgan bunday munosabatlarni biz ham bir signal sifatida qabul qilsak, tegishli choralar ko`rib qo`yaversak, foydadan xoli bo`lmaydi.
 

        Jonlanib qolgan neonasiyat jamiyat, millatchi guruhlar, migrantlarga kuchaygan g`azab va nafrat...                                                                                                                                                                                               Abdulloh SAID

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1