1

“Buzilgan an`ana”: AQShning sabr kosasi to`ldimi?

Dunyo 28.03.2024, 19:54
“Buzilgan an`ana”: AQShning sabr kosasi to`ldimi?

BMT Xavfsizlik Kengashi dushanba kuni 25 martda G`azoda zudlik bilan o`t ochishni to`xtatishga chaqiruvchi rezolyusiyani qabul qildi. Mazkur rezolyusiya, shuningdek, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod qilishni talab qiladi.

Xavfsizlik kengashi oktyabr oyida urush boshlanganidan beri bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so`ng birinchi marta o`t ochishni to`xtatishga chaqirmoqda.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, bu kabi rezolyusiyalarga veto qo`yib kelayotgan AQSh bu safar “an`anani buzdi” – betaraf qoldi. Xavfsizlik kengashining qolgan 14 a`zosi esa uni yoqlab ovoz bergan.

AQSh avvalroq Isroil va HAMAS o`rtasida sulh va garovga olinganlarni ozod qilish bo`yicha nozik muzokaralar davom etayotgan bir paytda bunday harakat noto`g`ri ekanini aytib, o`t ochishni to`xtatishga chaqiruvchi rezolyusiyalarni bloklab kelayotgan edi.

Netanyahu nobop “ot”mi?

To`g`ri yoki noto`g`rimi, aniq aytib bo`lmaydi-yu, ammo bir hikmatli jumla bor: otlarni kechuvda almashtirib bo`lmaydi. Biroq Amerika hukumati, agar imkoni bo`lsa, Isroilning amaldagi hukumati boshlig`i Benyamin Netanyahuni hozirgi siyosiy kechuv paytida jon deb boshqa “ot”ga almashtirgan bo`lardi. Zero, anchadan beri Amerika rahbariyati Netanyahu bilan ishlab bo`lmasligiga ishora qiluvchi signallar berib kelmoqda. Jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden ham “agar Netanyahu hozir olib borayotgan siyosatini o`zgartirmasa, Isroil xalqaro hamjamiyatda battar yolg`izlanib qolishi, unga qarshi jamoatchilik fikri kuchayib ketishiga sabab bo`lishi mumkin” degan edi. 

Garchi AQSh Isroilga yaxlit bir siyosiy tizim,  “abadiy” ittifoqchi sifatida munosabatda bo`lib kelayotgan bo`lsa-da, Isroilning amaldagi hukumati o`tgan yili 7 oktyabrdan keyin yuzaga kelgan inqirozda umumiy o`yin qoidalariga amal qilmasdan, AQSh nuqtai-nazarini mensimasdan, sarkashlik qila boshlaganidan xursand emas, albatta. Netanyahu barcha xalqaro qonun-qoidalar va urush qonunlarini toptab harakat qilmoqda, insoniylik, demokratiya va bag`rikenglik kabi tushunchalardan mosuvo siyosat yuritmoqda. 

Ekspertlarning aytishicha, barcha diktatorlar kabi, Netanyahu ham ayni sharoitda kichkina bo`lsa-da, bir “g`alaba”ga muhtoj. Zero, uning tashabbusi bilan boshlangan sud islohotlari – sudlarni hukumatga bo`ysundirish va shu tarzda o`z taxtini daxlsiz qilishga intilish – Isroil xalqining noroziliklari va namoyishlariga sabab bo`layotgan edi. Shu bois Netanyahu uchun 7 oktyabr voqealari ayni muddao bo`ldi, deyish mumkin. To`g`ri, HAMASning hech bir qarshiliksiz Isroil hududlariga bosqin uyushtirib, yahudiy fuqarolarni garovga olganiga yo`l qo`ygani uchun Isroil hukumati va razvedkasi hamda armiyasi qattiq tanqidlarga duchor bo`ldi. Biroq kursisi “liqillab” qolgan Netanyahu uchun o`z muvaffaqiyatsizliklarini yuvib keta oladigan imkoniyat tug`ildi. Agar Netanyahu bu urushda HAMASni yakson qila olsa, uning barcha xatolari unut bo`lishi mumkin. 

Biroq Netanyahu ushbu “tarixiy” imkoniyatdan ham eplab foydalana olmayapti. “Aksilterror urushi”ning 6 oydan beri tugamayotgani, garovdagilar hamon ozod etilmagani, isroillik askarlarning o`layotgani, harbiy-iqtisodiy resurslar samarasiz isrof qilinayotgani yana Isroil xalqi ongidagi “Netanyahu - nobop rahbar” degan shubha-gumonlarni mustahkamlay boshladi.

Buning ustiga, qudratli yahudiy lobbisining mustahkam to`rlariga o`rab-chirmab tashlangan bo`lsa-da, Isroilning shu paytgacha amalga oshirib kelayotgan qonli hamda vahshiyona “sho`xliklari”ga panja orasidan qarab kelayotgan bo`lsa-da, hatto AQShning ham sabr kosasi to`la boshladi. Shu paytgacha G`azo sektoridagi 32 mingdan ziyod tinch fuqaro (ularning aksariyati ayollar va bolalar – mual.) o`ldirilgani, G`azo sektori infrastrukturasini tuzatib bo`lmas darajada vayron qilgani bois, jahon hamjamiyati Isroilning asl basharasi – proyahudiy media yaratgan “bechora jabrdiyda” obraziga mutlaqo teskari ekanini sekin-asta anglab eta boshladi. Nafaqat aksilg`arb siyosiy qatlam va davlatlar, hatto G`arb hamda yahudiy millatiga mansub aholi vakillari ham Isroilning falastinliklarni genosid qilayotganiga jim qarab tura olmayapti. Namoyishlar va OAVdagi chiqishlar ham shundan darak bermoqda. Ularga qarshi namoyishlar o`tkazish uchun Isroil davlati hatto odamlarga pul berib, Isroilni qo`llovchi namoyishlarni uyushtirishga ham majbur bo`lmoqda.

To`g`ri, AQSh Isroilga yordamini to`xtatmaslikka va`da berib keladi va va`dasining ustidan chiqishi aniq. Biroq qo`li qon ekanligi fosh bo`lgan nusxaga yordam berishda davom etaverish AQShning xalqaro maydondagi obro`siga, uning “xolis, tinlikparvar va demokratik vositachi” imidjiga jiddiy putur etkazishi mumkin. Qolaversa, AQSh Isroilni himoya qilish uchun o`zi shakllantirgan “yumshoq kuch”ni juda ko`p sarflab yuborayotganidan mamnun emasligi aniq. 

Ta`kidlash joiz, Yaqin Sharqda ilk terrorchi guruhlar 1920-30 yillarda, o`shanda Britaniya mandati ostida bo`lgan Falastin erlarida tashkil etilgan qurolli yahudiylar – sionistik to`dalar shaklida paydo bo`lgan. Ularning faoliyati Britaniya tomonidan taqiqlangan bo`lsa-da, sionistik qurolli to`dalar odamlar to`planuvchi joylarda portlashlar uyushtirar va boshqa turli provokasiyalarni tashkil etishardi. 

Biroq terror atamasini musulmonlar, xususan falastinliklar bilan bog`lab dunyoga taqdim etgan va “musulmonmi – demak potensial terrorchi” degan tushunchani G`arb afkor ommasiga “edira” olgan nusxa – Benyamin Netanhu bo`ladi. Qayd etish joiz, Isroilning avvalgi bosh vazirlari mana shunday terrorchi sionistik guruhlarning a`zosi bo`lishgan. Benyamin Netanyahu esa 1949 yilda tug`ilgani bois,  ularning safida turmaganiga qaramasdan, ularning maslaklari va mafkurasini meros qilib olgan, ilik-iligigacha sionist rahbar hisoblanadi. 

Netanyahu o`tgan asrning 70-yillaridan boshlab, Isroil armiyasining falastinliklarga qarshi qonli bosqinlarida ishtirok etgan, keyinchalik ularga bosh-qosh bo`lgan shaxs. Uning shu davrlarda yozgan deyarli har bir kitobining nomi “Terror” so`zi bilan boshlanadi. Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant ta`biri bilan aytganda, “falastinliklar odam emas, yovvoyi hayvon” degan aqida asosida harakat qiladi.

BMT Xavfsizlik Kengashining G`azoda o`t ochishni zudlik bilan to`xtatishga chaqirgan rezolyusiyasiga Netanyahu bildirgan munosabat ham uning AQSh yo`rig`iga yurishni istamayotganini yana bir bor isbotladi: Isroil shu hafta oxirida o`z delegasiyasining Vashingtonga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilishga qaror qildi! Qolaversa, Netanyahu ushbu rezolyusiyaga amal qilmasligini ochiq-oydin ma`lum qildi. Uning ofisi ma`lum qilishicha, o`t ochishni to`xtatish garovga olinganlarni ozod qilish uchun asos bo`la olmaydi. AQSh ham avval shu pozisiyada turgan bo`lsa-da, endi o`z rejalarini o`zgartirgani Netayahuning g`azabini keltirmoqda. Shuningdek, Isroil mudofaa vazirining aytishicha, Isroil G`azoda garovga olinganlar saqlanib qolayotgan paytda urushni to`xtatmaydi.

To`g`ri, AQSh Milliy xavfsizlik kengashining koordinatori Jon Kyorbi Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant va AQSh milliy xavfsizlik bo`yicha maslahatchisi Jek Sallivan o`rtasidagi rejalashtirilgan uchrashuvlar albatta o`tkazilishini aytgan.  Lekin AQShning o`t ochishga chaqirilgan rezolyusiyaga veto qo`ymagani Isroil bilan munosabatlarda kichik bo`lsa-da, jarlik paydo bo`lganidan darak bermoqda.

Qog`ozda qolib ketuvchi navbatdagi rezolyusiya

O`z navbatida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o`t ochishni to`xtatish va “barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va so`zsiz ozod qilish”ni ta`minlash uchun rezolyusiyani “ijro etish” kerakligini aytdi. Afsuski, bu masalada eng nozik va muhim so`z shu – “ijro etish”!

Tarixga qaraydigan bo`lsak, Isroil BMTning Falastin masalasi bo`yicha birorta rezolyusiyasini bajarmagan. “Yadro tayog`i” hamda “qappaygan karmoni” mavjud AQSh va Evropa davlatlari kabi himoyachilar bor ekan, Isroil bundan keyin ham o`z bilganicha ish tutishi, vahshiyona “erkalik”larini davom ettirishi ehtimolga yaqinroq. Isroil armiyasi falastinliklarni vahshiyona qirib tashlayotgani, suv, gaz va yoqilg`idan mosuvo qilayotgani etmagandek, ularga jo`natilayotgan dori-darmon va oziq-ovqatdan iborat gumanitar yuklarni ham chegarasidan o`tkazmayapti.

Biroq “tomchi toshni kemiradi” degan naql bor. JAR advokatlari Xalqaro sudda Isroilga qarshi da`vo ishi ochtirishganida uning befoyda ekanligi aytilgan va natija ham shunga yarasha bo`lgan edi. Odamlarning ko`chalarga aksilisroil namoyishlarga chiqishlari ham shunday samarasiz va befoyda urinish, deya baholangandi. Biroq bu sa`y-harakatlar o`z samarasini berayotgan ko`rinadi: borgan sari ko`proq davlatlar Isroilni “tartibga chaqirish”ni, uning xunrezliklariga chek qo`yishni talab qilmoqda. Afsuski ular, jumladan Evropa davlatlari ham AQShning veto huquqi oldida ojiz edi. Shu bois bu galgi rezolyusiyaga veto qo`ymaganini – AQShning bu mojaro ijobiy hal bo`lishiga hissa qo`shish uchun amaliy qadam qo`yishi, deya baholasak ham bo`ladi.

To`g`ri, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so`zlovchisi Jon Kyorbining aytishicha, AQShning rezolyusiyani qabul qilishga ruxsat berish qarori "siyosatimizda o`zgarish yuz berdi" degani emas. Uning so`zlariga ko`ra, AQSh o`t ochishni to`xtatishni qo`llab-quvvatlagan, biroq rezolyusiyani yoqlab ovoz bermagan, chunki rezolyusiya matnida XAMAS harakati qoralanmagan.

Shunga qaramasdan, Rossiya-Eron-Xitoy “o`qi”ning kuchayib borayotgani, ular esa o`q otishni to`xtatish va Falastin davlati tuzilishini yoqlab bayonotlar berayotgani kelajakka umid uyg`otishi tabiiy. Zero, butun mahalla norozi qarab turgan sharoitda, podani bulg`ayotgan bitta tirraqi buzoqni himoya qilaverish nafaqat AQSh obro`siga putur etkazadi, balki Amerika xalqi noroziliklarini kuchaytirib, Jo Baydenning saylanmay qolish ehtimolini ham oshiradi. Saylovga esa oz qoldi. Nega dabdurustdan veto qo`yilmaganini endi tushungandirsiz?..

                                                                                                                                                                                                   Abdulloh SAID

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1