1

Immunitetni tiklashning samarali yo`li topildi

Salomatlik 29.03.2024, 14:17
Immunitetni tiklashning samarali yo`li topildi

Buyuk Britaniya olimlari muayyan hujayralarga ta`sir ko`rsatuvchi muolaja usuli orqali keksa insonlar immunitetini tiklash yo`lini topdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yosh o`tgan sayin odam immuniteti tobora zaiflashib boraveradi. Qarish jarayoni va immun tizimi o`rtasidagi bog`liqlikni o`rgangan tadqiqotchilar –keksalarda timus bezi hajmi kichrayib, gormonlar ishlab chiqarilishi ozayishi va limfoid to`qimalar atrofiyasi kuzatilishini aniqladi. 

Buning oqibati qon tarkibida T-limfositlar miqdori kamayishiga olib keladi. Shuningdek, limfositlar o`z hujayralarimiz yordamida faollashish qobiliyatini bora-bora yo`qotadi.

Ana shu omilga asoslangan Buyuk Britaniya olimlari muayyan hujayralarga ta`sir ko`rsatuvchi muolaja usuli orqali keksa insonlar immunitetini tiklash yo`lini topdi.

Tadqiqot davomida gematopoetik ildiz hujayralarini yo`q qilish va ularni yangilari bilan almashtirish yordamida immunitet tizimi muvozanatini tiklash mumkinligi o`rganildi.

Buning uchun dastlab sichqonlar ustida tajriba o`tkazilib, 18-24 oylik ushbu jonivorlar organizmiga gematopoetik ildiz hujayralarining bir qismini yo`q qilishga qaratilgan antitanalar yuborildi. Natijada tanaga kiritilgan yangi V va T-limfositlari tufayli immun tizimi mustahkamlandi.

Olimlar bitta muolaja kursi bu qadar katta samara berganidan hayratda. 

Muhimi, davolangan va davolanmagan hayvonlar o`rtasidagi tafovut ikki oydan keyin ham saqlanib qoldi. Masalan, muolaja qilingan jonivorlar sakkiz hafta o`tgach, ilgari duch kelmagan virusga qarshi emlanganida, ularning immun tizimi boshqa hayvonlarnikiga qaraganda kuchliroq javob reaksiyasini namoyon qilib, infeksiyaga ancha samarali qarshilik ko`rsata oldi.

“Yangi usul keksa insonlarning koronavirus singari xavfli infeksiyalar va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi himoya qobiliyatini oshirishiga ishonch bildirmoqda. Yakuniy xulosa esa insonlarda o`tkaziladigan klinik sinovlar muvaffaqiyatiga bog`liq”,– deydi tadqiqotchilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1