Sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo`lmagan dori vositalarining savdosiga chek qo`yildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Yakkabog` tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs «Banksef», «Zanasef», «Gansef» va «Gandsef» nomli jami 3.767 dona dori vositalarini 54 mln. so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi, 1996 y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganda, tegishli hujjatlari bo`lmagan, umumiy bahosi 1 mlrd. 307 mln. so`mlik jami 14.909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi xulosalariga ko`ra, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qo`llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro`yxatidan o`tmaganligi ma`lum bo`ldi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni ko`zdan kechirildi.
Natijada, xonadonda Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo`lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln. 142 ming so`mlik 49.020 dona flakonda “Ampisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi hamda ularning egasi hisoblangan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1990 y.t. shaxs qo`lga olindi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Farg`ona viloyatida yashovchi, 1990 va 1994 yillarda tug`ilgan 2 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab o`tib, olib kelganliklari aniqlanib, ular ham ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






