Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik bilan uchrashdi. Bu haqda vazir o`zining telegramdagi kanalida xabar qoldirdi.
Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik janoblari bilan uchrashishdan mamnunmiz. Bugun Minskda bo`lib o`tgan muzokaralarimiz rahbarlarimiz o`rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosini batafsil ko`rib chiqish, shuningdek, aloqalarining barcha yo`nalishlari bo`yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.
Munosabatlarimiz ko`plab sohalarda ijobiy sur`at namoyon etayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladik.
Ishbilarmon doiralar o`rtasidagi muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga kelishib oldik.
Vazirliklarimiz o`rtasida 2024-2025 yillarga mo`ljallangan Maslahatlashuvlar dasturini ham imzoladik. TIVdagi hamkasblarimizga samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildiramiz, - deyiladi xabarda.






