AsosiyJamiyat

Zo`ravonlikka uchragan ayollarga vaqtinchalik boshpana beriladi

'Zo`ravonlikka uchragan ayollarga vaqtinchalik boshpana beriladi'ning rasmi

Prezident tomonidan “Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishni takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila – mahalla – tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish tizimi joriy etilmoqda. 2024 yil 1 iyundan boshlab:

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari  tomonidan tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo`lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar ko`rsatish tartibi joriy etiladi;

  • xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro`yxatga olinadi.

Tazyiq va zo`ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e`tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo`ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o`tkaziladi;
  • profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
  • tazyiq va zo`ravonlikdan jabr ko`rgan xotin-qizlar va ularning voyaga etmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo`limlariga  joylashtiriladi;
  • rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma`lumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.

Shoshilinch qabul bo`limlarida tunu kun ishlaydigan birlamchi ko`mak xonalari tashkil etiladi:

  • 2024 yil 1 iyundan boshlab – Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
  • 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab – respublikaning qolgan barcha hududlarida.

 

Tazyiq va zo`ravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitasiya xizmatlarini ko`rsatish uchun Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yo`lga qo`yiladi. Bunda hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi to`liqligicha hududiy markazlarga o`tkazilgan holda tugatiladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o`tkazgan va zo`ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarning reestri yuritiladi. 2024 yil 1 dekabrdan boshlab esa bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo`ravonlik holati bo`yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitasiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi;
  • Zo`ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta`minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan media-reja.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 11.05.2024 yildan kuchga kirdi.


 

    Boshqa yangiliklar