AsosiyJamiyat
748

Toshkent va Qo`qon shaharlarida “Haj” ziyoratiga yuborish bilan bog`liq noqonuniy holatlar aniqlandi

'Toshkent va Qo`qon shaharlarida “Haj” ziyoratiga yuborish bilan bog`liq noqonuniy holatlar aniqlandi'ning rasmi

Har yili dunyoning ko`plab davlatlaridan musulmonlar “Haj” amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga borishadi.

O`z navbatida Saudiya Podshohligi tomonidan ziyoratchilarga barcha shart-sharoitlar yaratilib, ularning xavfsizligini ta`minlash bo`yicha zarur chora-tadbirlar ko`riladi.

Ta`kidlash lozimki, “Haj” tadbiri Saudiya hukumati belgilagan tartib-qoidalar asosida tashkil etiladi.

Lekin, shunga qaramay turli xil sayyohlik firmalari tomonidan, o`rnatilgan me`yor va qoidalarni chetlab o`tgan holda yuborilgan fuqarolar Saudiyaga kira olmay ortga qaytishadi yoki kirgan taqdirda ham mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Firibgarlar aldoviga uchib, shunday holatlarga bizning fuqarolarimiz ham tushib qolmasliklari uchun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda muntazam ravishda tezkor tadbirlar o`tkaziladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni ishonchiga kirib,tanishlari yordamida, unga Saudiya Arabistoniga “Haj” safariga borishi uchun zarur bo`ladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlandi.

Boshqa holatda esa poytaxtimizda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiiste`mol qilib, joriy “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSh dollari talab qilishib, 4 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida qo`lga olindi.

Qo`qon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni haj amallarini bajarishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Qo`qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni hoji maqomiga ega bo`lishi uchun “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilib, 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo`lga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar