Shu yilning 24-28 may kunlari Londonda bo`lib o`tgan oltinchi Britaniya kinoforumi —"ECG Film Festival" doirasida bir qator kinofilmlarning taqdimoti bo`lib o`tdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
"ECG Film Festival" Evroosiyo mintaqasida kinematografiyani rivojlantirish platformasi hisoblanadi. Festivaldan ko`zlangan maqsad Evroosiyo kinosini ingliz tilida so`zlashuvchi makonda targ`ib qilish va Evroosiyo kino sanoati ijodkorlarini butun dunyo bo`ylab tanishtirishdan iborat. Festival 2015 yildan buyon har yili Londonda shahrida an`anaviy tarzda o`tkazmoqda.
Joriy yilgi kinofestivalga 22 mamlakatdan yuzlab talabgorlar orasidan "Eng yaxshi hujjatli film" yo`nalishida rejissyor Shuhrat Xaytovning "Sharaf Rashidov-the Inspirer for the Development of Mirzachul" ("Sharof Rashidov – Mirzacho`l rivojlanishining ilhomlantiruvchisi") nomli filmi g`olib deb topildi.
Mazkur film Londondagi "Premier Cinemas Romford" kinoteatrida namoyish etildi. Unda tomoshabinlarga mashhur davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning hayot yo`li ochib bergan.
Film syujeti 1960 yillardagi Mirzacho`lning o`zlashtirilishi haqidagi hikoyaga asoslangan. Hujjatli filmda o`sha yillardagi voqealar ishtirokchilari, mehnat faxriylari, quruvchilar, mexanizatorlar, shuningdek, tarixchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar va siyosatshunoslar bilan suhbatlar o`rin olgan.
Britaniyalik madaniyat va san`at vakillari bilan o`tkazilgan suhbatlar davomida ular filmning tarixiy ahamiyatga ega ekanligini, Mirzacho`lni o`zlashtirish kabi ulkan ishlarda o`zbek xalqi tomonidan ko`rsatilgan qahramonliklar e`tirof etildi.