AsosiySalomatlik

SSV yozda keng tarqaladigan o`tkir diareyadan ogohlantirdi

'SSV yozda keng tarqaladigan o`tkir diareyadan ogohlantirdi'ning rasmi

Yozda turli vitamin va minerallarga boy sarxil mevalar pishib etiladi. Qolaversa, ushbu faslda aholi, ayniqsa, bolalar o`rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklar bor. Ulardan biri — o`tkir diareyadir. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumot berdi.

– O`tkir diareya – xalq orasida ichburug`, ich og`rig`i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo`lib, ichak yo`llarining funksional buzilishi hisoblanadi, — dedi Toshkent shahri 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shahlo Isamuxammedova. – U ichaklarni bo`shatish va ichning suyuq holatda kelishi bilan kechadi. Ichning kuniga 3-4 martadan ko`p kelishi o`tkir diareya deyiladi.

Qayd qilinishicha, kasallikning 2 ta turi bor. Bular infeksion va noinfeksion turlari hisoblanadi. Xastalik kelib chiqishiga ko`pincha gigiena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo`ladi. Qolaversa, ichburug` yozning issiq kunlarida ochiq havoda qolgan taom va eguliklar, jumladan, sut va sut mahsulotlarini iste`mol qilish tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, bolalar ko`chadan uyga kirgach va taomlanishdan avval qo`llarini sovunlab yuvishni unutadi. Shu bilan birga, ho`l meva-sabzavotlarni iste`mol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham doimo hayolga kelavermaydi. Oqibatda og`iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug`, dizenteriya, salmonellyoz kabi o`tkir yuqumli ichak kasalliklarini qo`zg`atadi.

Ya`ni organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig`laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so`rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo`lgan inkubasion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo`ladi.

Qolaversa, ichburug` ovqatdan zaharlanish, shuningdek xatarli patologiyalar, xususan, surunkali gepatit, pankreatit va boshqa infeksion-yallig`lanish kasalliklarining alomati bo`lishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrim dori vositalari hamda sut va sut mahsulotlarida bo`ladigan laktoza, tabiiy meva, asaldagi va ayrim ichimliklarga qo`shiladigan fruktoza uglevodlarini iste`mol qilish ham ich ketishiga sabab bo`ladi.

Bo`sh, suvli ich kelishi, unda qon bo`lishi, qorin talvasalari, ya`ni g`urillashi, og`rig`i, dam bo`lishi, yuqori tana harorati, holsizlik, ko`ngil aynishi, qusish kabilar kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar