Ijtimoiy tarmoqdagi ayrim kanallar va elektron nashrlarda “Baxti Tashkentskiy” va boshqalarga oid jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko`rib chiqilayotgan bo`lsa-da, raislik etuvchi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga sud jarayonini videotasvir va audioga olish cheklangani muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Sudyalar oliy kengashi Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi bo`yicha avvalgi sud majlisidan olingan lavhalar qator ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqdagi kanallarda turlicha talqinlar bilan e`lon qilingani, natijada jamoatchilikda noto`g`ri tasavvurlar shakllanishidan tashqari sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimolini ham paydo qilmoqda.
- Shundan kelib chiqib, raislik etuvchi tomonidan zarur prosessual choralar ko`rilishi mutlaqo tabiiy, Qonun bunga izn beradi (O`zR JPK, 408-modda). Qolaversa, bunday tartib xalqaro amaliyotda ham ko`plab kuzatiladi.
Biroq sudning mazkur ajrimi sud majlisida jurnalist va blogerlarning ishtirokini uzil-kesil ta`qiqlamaydi. Ya`ni, ular jarayonni bevosita kuzatishi, o`zlari uchun zarur qaydlar qilib borishi hamda turli bashorat va taxminlarga berilmagan holda axborotlar e`lon qilishiga mone`lik yo`q, - deyiladi rasmiy bayonotda.






